Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy 2015-yilda olti davlat bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimga o’zgartirish kiritilishiga qarshi. AQSh rahbari hujjatdan qoniqmasligini, Eron ballistik raketa dasturiga cheklov qo’yish kerakligini aytib keladi. Bitimni imzolagan Britaniya, Fransiya va Germaniya AQShdan shartnomani bekor qilmaslikni so’ramoqda.
“Fransiya rahbari bitim ustiga bitim imzolashmoqchi ekanlari haqida og’iz ochdi. Makron bilan telefon orqali bir necha marta hamda bir marta yuzma-yuz suhbatlashdim. Unga bitimga bitta gap ham qo’shilmasligini yoki undan bitta gap ham olinmasligini aytganman. Kelishuv kelishuvligicha qolishi kerak”, - deydi Ruhoniy.
AQSh bitimdan chiqsa va bekor qilingan sanksiyalarni Eronga qayta qo’ysa, Tehron yadro dasturini jonlantirishini aytmoqda. Donald Trampga ko’ra, u holda Eron katta muammolar bilan yuzlashadi. Ruhoniy Trampning gaplarini safsata va quruq do’q-po’pisa deb atadi.
Tramp Eron yadroviy bitimga rioya qilayotganini 12-maygacha tasdiqlashi zarur, aks holda Qo’shma Shtatlar hujjatni bekor qilishi va Eronga nisbatan sanksiyalarni tiklashi mumkin.
Facebook Forum