Breaking News

Zarif: Qarshi tomon bitimdan chekinsa, Eron yadro faoliyati eski holatga qaytariladi


Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning mahalliy televideniye orqali so'zlashicha, agar G'arb yadroviy kelishuvdan chiqsa, Tehron atom dasturini oldingi darajada va sur'atlarda davom ettirishga majbur bo'ladi.

"Biz va'dalarimizning ustidan chiqishga tayyor ekanimizni butun dunyoga isbotlab, boshqalar bizga qarshi bahona izlayotganini ko'rsatamiz. Biroq boshqa taraf so'zida turmay, milliy manfaatlarimizga tahdid vujudga kelsa, qanday chora ko'rishni o'zimiz bilamiz. Yakuniy bitimga bu shartimizni qo'shib qo'yamiz - agar qarshi tomon shartnomani ikki oy ichida buzsa, biz yadroviy faoliyatimizni tiklaymiz", - dedi Zarif.

Unga ko'ra, muzokaralarda Tehronga qo'yilgan sanksiyalarning barchasini bekor qilishga kelishilgan, shu sabab Qo'shma Shtatlar "vaqtincha to'xtatish" degan iborani qo'llamasligi kerak.

"AQSh Davlat kotibi Jon Kerri muzokaralarda nuqul shu iborani qo'llaganini sezdik. Gap sanksiyalarni vaqtinchalik to'xtatish emas, butunlay bekor qilish haqida ketmoqda", - deydi Eron vaziri.

Javod Zarifning aytishicha, Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma Eron kelishuv shartlariga amal qilayotganini tasdiqlamoqda. Demak, Qo'shma Shtatlar barcha iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni to'xtatishi lozim, deydi u.

"Yakuniy hujjatga bu shart kiritiladi. Boshqarma Eron barcha majburiyatlarni bajarayotganini tasdiqlagach, AQSh banklar, pul o'tkazmalari, neft savdosi va boshqa narsalarga qo'yilgan cheklovlarni bekor qilishi kerak bo'ladi", - deydi Zarif.

Yakuniy bitim 30-iyungacha imzolanishi kutilmoqda. Sanksiyalarning bekor qilinishiga umid qilayotgan Eron xalqi Lozannadagi muzokaralar natijasini olqishladi.

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, diplomatik harakatlar og'ir kechganiga qaramay, Eron bilan bitim tamoyillariga kelishilgani ijoby holdir.

Tehron boyitilgan uranni xorijda saqlashga, xalqaro inspektorlarning Eron yadro dasturini tekshirishiga rozi bo'ldi.

"Eron aldasa, butun dunyoga bu haqda ma'lum bo'ladi", - dedi Obama.

AQSh rahbari Eron bilan kelishuv xususida Kongress yetakchilari bilan gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG