Breaking News

Erondagi zilzilada o’lganlar soni 300 dan oshdi, 3000 dan ziyod odam jarohatlangan


Paxsa uylar qulab, odamlar tiriklayin ko’milgan hollar bor. Kasalxonalar mayib bo’lgan fuqarolarga to’la.
Paxsa uylar qulab, odamlar tiriklayin ko’milgan hollar bor. Kasalxonalar mayib bo’lgan fuqarolarga to’la.
Eronda shanba kungi ikki kuchli zilzilada o’lganlar soni 300 kishidan oshgan. Omon qolganlarni qidirish ishlari yakunlanib, hukumat ko’chada qolgan fuqarolarga bor e’tiborni qaratmoqda.

Sog’liqni saqlash vaziri Marziya Vohid Dastyordi so’zlariga ko’ra, talofatlar soni 306 kishiga yetgan. Uch mingdan ziyod fuqaro jarohatlangan.

Qo’ldan kelganini qilayapmiz, deydi u.

Xalqaro Qizil yarimoy va qizil xoch tashkilotining Jenevadagivakilining bildirishicha, Erondagi Qizil yarimoy tashkioti qurbonlarga yordam bermoqda. Uyidan judo bo'lgan qariyb 16ming odamga boshpana berish maqsadida 6000nta palatka o'rnatilgan.

Oilalar marhumlarni dafn etishi kerak, ana undan keyin muhtojlarga yegulik, ichimlik suvi va boshpana bilan yordam berishimiz lozim, deydi vazira.

Shanba kunduz yer 6,4 va 6,3 ball kuchda ketma-ket silkinib, Tabriz shahri tevaragida 12 qishloqni tekislagan, 60 dan ziyodi jiddiy zarar ko’rgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Eron xalqiga hamdardlik bildirib, insonparvarlik yordami taklif qilgan. Qo’shma Shtatlar ham kecha ta’ziya izhor etib, ko’maklashish istagini bildirgan. “Bu og’ir damda Eron ahlini qo’llab-quvvatlashga tayyormiz”, - deyiladi Oq uy bayonotida.

Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida minglab odamlar tabiiy ofatdan keyin hali o’ziga kelolmayapti, deya xabar beradi Qohiradan muxbirimiz Edvard Yeranyan.

Eron televideniyesi vayronalar oralab yurgan, uy-joyidan ayrilgan odamlarni ko’rsatmoqda. Paxsa uylar qulab, odamlar tiriklayin ko’milgan hollar bor. Kasalxonalar mayib bo’lgan fuqarolarga to’la.

Shifokorlar va Qizil Yarimoy jamiyati xodimlari yuzlab aholini markaziy shifoxonalarga yetkazgan. Ulardan biri vaziyatni shunday tasvirlaydi.

Minglab fuqaroni kasalxonalarga joyladik, deydi u. 11 qidiruv-qutqaruv guruhi zilzila ro’y bergan hududga safarbar etildi. 400 mashinada oziq-ovqat, yopinchiq va boshqa zarur anjomlar manzilga eltildi, deydi u.

Eron matbuotining yoritishicha, yakshanba kunduz qidiruv-qutqaruv ishlari tugab, vayronalar ostidan barcha omon qolganlar olib chiqilgan. Lekin guvohlar so’zlariga ko’ra, hali hamma uylar to’liq ko’zdan kechirilganicha yo’q.

Ichki ishlar vaziri Mustafo Muhammad Najjar kecha zilzila urgan viloyatda bo’lib, qutqaruvchilarga tahsin aytgan.

“Odamlar yordamini ayamadi, imkon boricha muhtojlarni suyab yubordi va buning uchun ularga tashakkur aytaman”, - deydi vazir.

Eronda zilzilalar tez-tez ro’y berib turadi. 2003-yilgi tabiiy ofat qariyb 40 ming odamni hayotdan olib ketgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG