Rossiyaning atom bo'yicha davlat korporatsiyasi, “Rosatom” rahbari Sergey Kiriyenko so’zlariga ko’ra, Eronda qurilayotgan ilk yadro zavodi, “Busher” shu yil yozida ishga tushadi. BMT Tehronga sanksiya qo’yish-qo’ymasligidan qat’iy nazar.
Hafta boshida BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi, jumladan shu paytgacha oyoq tirab kelgan Rossiya va Xitoy ham islomiy respublikani jazolash borasida bir to’xtamga kelgan, “sanksiya matni deyarli tayyor” degan edi. Bu safar jazo chorasi avvalgilaridan kuchliroq bo’lishi kutilmoqda.
Bir necha kun oldin Eron, Braziliya va Turkiya o’zaro muzokara qilib, uranni boyitish dasturi borasida yangi yechimni olg’a surgan edi. Ya’ni Tehron omboridagi boyitilgan uranning deyarli yarmini Turkiyaga jo’natadi-da, o’rniga yonilg’i oladi.
Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, bu taklif Eron yadro dasturiga doir ziddiyatni batamom hal qilmaydi va sanksiya kun tartibida qoladi. BMT rezolyutsiyasiga ko’ra, islomiy respublikaga harbiy embargo qo’yiladi, qurol-aslaha savdosi taqiqlanadi, unga qarashli kemalar kuzatuvi kuchayadi.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida bu galgi sanksiya oldingilaridan ancha kuchli.
Vazir Geyts deydiki, BMT hujjati ikki muhim vazifani bajaradi: Eronni yakkalaydi va xalqaro hamjamiyat ommaviy qirg’in quroliga qarshi ekanini urg’ulaydi. Bundan tashqari, qonuniy dastak rolini o’taydi, ya’ni alohida davlat va tashkilotlar Eronga nisbatan cheklov joriy etishi mumkin. Maqsad uni yashirin, xavfli yadroviy izlanishlardan qaytarish.
Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod bu sanksiyalardan naf yo’q, uranni boyitish dasturini yuritishga, energiya ishlab chiqarishga haqlimiz, deb keladi. G’arb nazarida ochiq-oydin harakat qilmayotgan Tehron ommaviy qirg’in quroli yasash bilan band, bu esa shundog’am beqaror Yaqin Sharqda harbiy poygani avj oldirishi mumkin.