Erondan xalqaro sanksiyalar olib tashlangach, Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma rahbari Yukiya Amano Eron yadroviy bitim shartlariga qanday amal qilayotganini tekshirish uchun bugun Tehronga borgan. Sanksiyalar boshqarma xulosasi asosida bekor qilindi.
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy iqtisodiy va moliyaviy cheklovlarning olib tashlanganini olqishlab, Eron tarixida yangi sahifa boshlanayotganini aytdi.
Ruhoniyning aytishicha, bu ijobiy o'zgarishlar natijasida iqtisodiy o'sish besh foizga ko'tarilishi mumkin.
"Yadroviy kelishuv kelajakda mintaqadagi boshqa muammolarni hal etishda yaxshi namuna bo'la oladi", - deydi u.
AQSh Prezidenti Barak Obamaga ko'ra, Tehronning bitim shartlarini qabul qilishga ko'ngani Amerika diplomatiyasining kuchidan dalolatdir.
AQSh sobiq diplomati, Portland davlat universiteti professori Piter Bektoldning aytishicha, Eron bilan erishilgan kelishuv dunyo tinchligi uchun muhimdir.
"Eron 3000 yil mintaqada yetakchi davlat bo'lgan, hozir ham Iroq va Suriyadagi mojarolarni hal etishda, Isroil-Falastin ixtilofiga barham berishda Tehron muhim omildir", - deydi olim.
San-Fransisko universitetidan tahlilchi Stiven Zyunsning aytishicha, agar Tehron yadroviy bitim shartlariga amal qilishdan bosh tortmasa, uning ballistik raketa dasturini tahdid sifatida ko'rmasa ham bo'ladi.
"Sanksiyalarning bekor qilinishi Eronda mo'tadil siyosiy kuchlar nufuzini oshirishga hamda bu davlatning mintaqada mas'uliyat bilan siyosat yuritishiga yordam beradi", - deydi u.
AQSh Erondan ayrim sanksiyalarni olib tashlagani bilan uning ballistik raketa dasturiga aloqador shaxslar va kompaniyalarga yangi jazo choralarini qo'lladi.