Breaking News

Eron: Saudiya Arabistoni haj paytidagi fojia uchun uzr so'rasin


Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy Tehrondagi nutqi paytida Saudiya Arabistonini tanqid qilmoqda, 27-sentabr, 2015-yil
Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy Tehrondagi nutqi paytida Saudiya Arabistonini tanqid qilmoqda, 27-sentabr, 2015-yil

Eron Saudiya Arabistonidan haj kunlari ziyoratchilarning tiqilinchda nobud bo'lgani uchun uzr so'rashni talab qilmoqda. Payshanba kuni Mina vodiysida shaytonga tosh otish marosimi paytida tartibsizlik boshlanib, yuzlab odamlar oyoq ostida qolib ketdi, 769 odam o'ldi, 934 hoji jarohat oldi.

Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiyga ko'ra, qirollik fojia uchun mas'uliyatni o'z bo'yniga olib, musulmonlar va qurbonlar oila a'zolaridan afv so'rashi lozim.

O'lganlarning 136 nafari Erondan ekani ma'lum. 300 eronlik, jumladan islomiy respublikaning Livandagi sobiq elchisidan hozircha darak yo'q.

Tehron Saudiya Arabistonini jinoyatda va layoqatsizlikda ayblab, masalani xalqaro sudga oshirishga do'q-po'pisa qilmoqda. Eron rahbarlari qirollikni har yili ikki milliondan ziyod ziyoratchi qatnashadigan yirik tadbirni boshqarishga ojizlik qilayotganlikda ayblamoqda.

Natijada, deydi Eron Bosh prokurori Ibrohim Raisiy, odamlar ommaviy tarzda nobud bo'lmoqda, bu esa jinoyat.

Tehronning da'vo qilishicha, o'sha kuni katta yo'ldan qirol oilasi a'zolari mashinada ketayotgan bo'lgan va yo'lni ochish uchun minglab hojilarga chetga chiqish buyurilgan.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy kecha Bosh Assambleya sessiyasidagi chiqishida BMTni voqeani tergov qilishga chaqirdi.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil Jubayr Eron ayblovlarini inkor etgan holda Tehrondan siyosiy o'yinga berilmaslikni so'radi.

"Aybdorlar jazolanadi, zarur xulosalar chiqariladi", - dedi vazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG