Breaking News

Tramp Eron va Shimoliy Koreya bilan qanday siyosat yuritishi kerak?


Kelasi bir necha haftada AQSh ma’muriyatining Shimoliy Koreya va Eron yadro dasturlariga nisbatan siyosati aniqroq shakllanadi. Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan ilk bor yuzma-yuz ko’rishib, mavzuni muhokama qilmoqchi.

Xalqaro hayot - 27-aprel, 2018-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:55 0:00

Tramp Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan qoniqmayotganini, unga qo’shimcha bandlar kiritish kerakligini aytib keladi. Tehron bunday rejaga e’tiroz bildirmoqda.

Prezident Trampning aytishicha, 2015-yilda imzolangan bitim Eron ballistik raketa dasturini qoplamaydi, kamchiliklari ko’p.

“Uni imzolamasligimiz kerak edi”, - deydi Tramp.

AQSh bitimdan chiqsa, Eron yadro dasturini jonlantirishini aytmoqda.

“Bunday bo’lmaydi. Agar dasturni tiklashsa, oldingidan kattaroq muammolar bilan yuzlashishadi”, - deydi Tramp.

Kongress talabiga ko'ra, Amerika prezidenti har olti oyda bitimga rioya qilinayotganini tasdiqlab turishi lozim. Agar Tramp 12-maygacha Kongressni bu haqda xabardor qilmasa, Qo’shma Shtatlar hujjatni bekor qilishi mumkin.

Senator Robert Menendezning aytishicha, Tramp ma’muriyati tavakkal qilmoqda, chunki Eronga qarshi sanksiyalar tiklansa, Tehronning javobi qanday bo’lishi ma’lum emas.

“Eron nima qiladi? Biz nima qilamiz? Qo’shimcha sanksiyalar bilan javob beramizmi? Boshqa davlatlar bizni bu masalada qo’llab-quvvatlarmikan yoki yol’giz qolamizmi? Bunday vaziyatning xavfsizligimizni kuchaytirishiga kafolat bormi?” – deya so’raydi demokrat qonunchi.

Menendezning aytishicha, Eron xalqaro inspektorlarni o’z harbiy inshootlariga kiritib, o’ziga nisbatan ishonchni oshirishi kerak. Vashington Eron masalasida bir tomonlama harakatlardan o’zini tiyishi kerak, deydi senator.

“Bitimni qayta ishlash kerak. Ammo eronliklar bunga qarshi chiqayotgan bo’lsa, demak, ular buni yolg’iz Qo’shma Shtatlar talab qilayotganini, yevropaliklar, Rossiya, Xitoy bitimdan chiqishmasliklarini yaxshi bilishadi. Ittifoqchilarimizni yonimizga olishimiz, ularni Eronga qarshi qo’llashimiz, Tehronga ittifoqimizni buzishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak. Shundagina Eron muzokara stoliga o’tirishga majbur bo’lib, aks holda oqibati yaxshi bo’lmasligini anglaydi”, - deydi Menendez.

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining uchrashuviga hozirlik ketayotgan bir paytda Tramp Eron yadroviy bitimga amal qilayotgani yoki qilmayotganini tasdiqlashi lozim.

AQSh davlat kotibining sobiq yordamchisi Mark Fitspatrikning aytishicha, Vashington va Pxenyan o’rtasida muloqotning bo’layotgani ijobiy hol.

“Albatta muzokaralar natija bermasligi, izdan chiqib, yana urush mavzusiga qaytishimiz mumkin. Ammo hozircha yadro dasturini tugatish, jarayonni nazorat qilish haqida muloqot ketmoqda”, - deydi Fitspatrik.

Tramp Kim Chen Unga kelishuv evaziga nima taklif qilishi mumkin?

“Shimoliy Koreya qo’shinlarimizni Janubiy Koreyadan chiqarishni talab qilsa, Tramp rozi bo’ladimi?” - deya so’raydi Brukings instituti tahlilchisi Tarun Chxabra.

Kim Chen Unning yadroviy qurolsizlanishga tayyorlik darajasini uning bugun Janubiy Koreya prezidenti bilan uchrashuvi natijalariga qarab bilsa bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG