Breaking News

Eron uranni Turkiyaga uzatmoqchi, evaziga yonilg’i oladi


Eron o’z qo’lidagi boyitilgan uranni Turkiyaga uzatishga rozi, evaziga boyitilgan yonilg’i bilan ta’minlanadi. Eron, Braziliya va Turkiya rasmiylari shunga kelishib olgan.

Xususan, Tehron 1200 kilogram uran rudasi, ya’ni omborida bor moddaning deyarli yarmini bermoqchi. Biroq G’arb davlatlari nazarida xulosa qilishga hali erta.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik hisobicha, Eron hozirda 2 tonna 65 kilogram uran rudasiga ega – bu modda yuqori darajada boyitilmagan.

Turkiya, Braziliya va Eron rasmiylari kecha Tehronda kun bo’yi muzokara qilib bir to’xtamga kelgan: uran Turkiyaga uzatiladi, so’ng boyitilib islomiy respublikaga qaytariladi. Bitim tafsilotlari shu hafta atom agentligiga havola qilinishi kerak.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li “Endi Tehronga yana sanksiya qo’yishga hojat yo’q” demoqda. Turkiya va Braziliya azaldan sanksiyaga qarshi ekan, Eron bu ikki davlatga xayrixoh.

Haqiqatan, agar bu kelishuv ish bersa, xalqaro hamjamiyat jazo choralaridan voz kechishi hech gapmas. Chunki uranni boyitish jarayoni, G’arb xavotiriga sabab bo’layotgan bosqich, oshkora kechishi mumkin. Eron atom quroli yaratmoqda, boyitilgan uran shunga kerak degan gumonlar o’z-o’zidan yo’qoladi.

Shu paytgacha, Tehron “yadro dasturi faqat tinch maqsadni, energiya ishlab chiqarishni ko’zlaydi” deb keladi.

O’tgan yili BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga shu kabi taklif bilan murojaat qilgan. Farqi shuki, uran Rossiya yoki Fransiyaga topshirishi kerak edi. Islomiy davlat avvaliga bu taklifga ko’ngan, so’ngra bir necha oy bahs qilib, tuzatishlarni olg’a surib, ishni orqaga tashlagan.

G’arb pozitsiyasi shuki, Eron, Turkiya va Braziliya erishgan bitim muammo yechildi degani emas. Tehron yadroviy izlanishlarini butkul oshkor etmas ekan, deydi Britaniya va Fransiya rasmiylari, sanksiya muhokamasi davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG