Qo’shma Shtatlar Eronga qarshi sanksiyalarni tikladi. Avtomobil sanoati, tilla va boshqa qimmatbaho metallar bilan savdo, valyuta siyosati va boshqa sohalar nishonga olindi.
Tramp ma’muriyatiga ko’ra, sanksiyadan maqsad Eronga moliyaviy bosimni oshirib, uning zararli harakatlariga chek qo’yish, yadro dasturini cheklashga qaratilgan yangi bitimni imzolashga undash. Prezident Donald Tramp 2015-yilda imzolangan shartnomani qoralab, shu yil mayida undan chiqqan.
Uch yil oldin xalqaro sanksiyalardan qutulgan Eron yana bosim ostida. Tramp ma’muriyati yangi jazo choralarining birinchi bosqichini e’lon qildi. Sanksiyalarning ikkinchi davrasi noyabr oyida kuchga kirishi kutilmoqda. O’shanda Eronning neft sanoati ham nishonga olinadi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, sanksiyalardan maqsad Eronni to’g’ri yo’lga solish.
“Hozircha Qo’shma Shtatlar diplomatik va moliyaviy bosim kampaniyasini boshlab, Tehrondagi tuzumni pul ishlash va shu pul hisobiga o’lim urug’ini sochish imkoniyatidan ayirmoqda”, - dedi Pompeo.
Oq uy ma’muriyatiga ko’ra, sanksiyalar 2015-yilda sobiq Prezident Barak Obama paytida imzolangan bitimni yaxshiroq shartlar asosida yangilashga olib keladi.
Prezident Tramp yangi muzokaralarga tayyormiz, deydi.
“Haqiqiy bitimga tayyormiz. Oldingi ma’muriyat tomonidan ishlangan hujjat yomon edi”, - dedi u.
Biroq Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy yangi muzokaralar ehtimolini rad etdi.
“Sanksiyalarni tiklagandan keyin muzokara haqida gapirishdan nima foyda? Bu odam o’ldirish uchun pichoqni chiqarib, o’tirib gaplashaylik degan gap bilan teng”, - deydi Ruhoniy.
Yangi sanksiyalar bilan AQSh Eronning dollar bilan muomala qilishini, tilla, qimmatbaho metallar, alyuminiy, po’lat, tijoriy yo’lovchi samolyot, ko’mir sanoatlariga doir faoliyatini cheklamoqchi.
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti iqtisodchisi Stiv Xenke nazarida, sanksiyalar ish bermaydi.
“Sanksiyalar Erondagi hozirgi tuzumni o’zgartira olmaydi. Bundan tashqari, mafiya guruhlariga kontrabanda orqali ish qilishga imkon beradi”, - deydi ekspert.
AQShning Yevropadagi ittifoqchilari sanksiyalardan norozi. Yevropa Ittifoqi qit’adagi kompaniyalarga AQSh sanksiyalariga bo’ysunishni taqiqlovchi, Eron bilan ish qilayotgan shirkatlarni himoya qiluvchi choralarni qabul qildi.
“AQSh sanksiyalari natijasida ko’rilgan zarar zarar ortida turgan shaxslardan undiriladi, Yevropa kompaniyalariga qarshi xorijiy sudlarning hukmi Yevropa Ittifoqi hududida kuchga ega bo’lmaydi”, - deydi Yevropa Komissiyasi matbuot kotibasi Mina Andreyeva.
Eron yadro dasturi atom quroli yaratishga qaratilganini inkor etib keladi. Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarmaga ko’ra, Tehron 2015-yilda imzolangan bitim shartlarini bajarib kelmoqda, hujjat Eron yadro faoliyatini nazorat etishga imkon berdi.
Facebook Forum