AQShning har ikki mamlakatga qo’yilgan sanksiyalariga qaramay, Eron yoqilg’i tanqisligi bilan yuzlashayotgan Venesuelaga besh tanker neft yetkazdi.
Tankerlar xavfsizligini Venesuela harbiy kuchlari ta’minlagan. Eronga ko’ra, tankerlarda 1,53 million barrel neft va neft-kimyoviy komponentlar bor.
Venesuelaning o’zi neftga boy bo’lsa-da, so’nggi yillardagi siyosiy va iqtisodiy beqarorlik bu sanoatga jiddiy zarar yetkazdi. Ustiga ustak, AQShning Venesuela davlat neft kompaniyasi “PDVSA”ga qo’yilgan sanksiyalar Prezident Nikolas Maduro hukumatiga yoqilg’ining ayrim turlarini xorijdan import qilishni chekladi.
Erondan yetkazilgan benzin Venesuelaning yuzlab yoqilg’i shoxobchalariga tarqatilgan.
“Venesuela dunyoning istalgan joyida istalgan narsani sotib olishga haqqi bor. Buning uchun uning ba’zilar taxmin qilgandan ko’p do’stlari bor”, - dedi Maduro.
AQSh sanksiyalariga uchragan bu ikki davlat so’nggi yillarda siyosiy va iqtisodiy tomondan ancha yaqinlashgan.
“Eron va Venesuela hamisha bir-birini og’ir kunlarda qo’llab-quvvatlab kelgan. Bugun ko’p qutblik dunyo fydasini ko’ryapmiz”, - dedi Venesuela Tashqi ishlar vaziri Xorxe Arreaza.
Ba’zi ekspertlar fikricha, Eron Venesuelaga neft tashib, ikki ittifoqchi davlat AQShni pisand qilmasligini namoyish etmoqchi bo’lgan.
“Bu AQSh gegemonligi inqirozga uchrayotganini ko’rsatishga qaratilgan katta ahamiyatga ega qadam bo’lib, mintaqadagi davlatlarga o’zaro aloqalarni kuchaytirib, strategik munosabatlar o’rnatish orqali Vashington tahdidlari va sanksiyalarini aylanib o’tish mumkinligini bildirmoqda”, - deydi tehronlik siyosiy tahlilchi Alirizo Mehrobiy.
Qo’shma Shtatlar Eron va Venesuelaga bosim qo’yib, neft ta’minotiga to’siq qo’ymoqchi. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari boshqa mamlakatlar hukumatlari, bandargohlari, sug’urta kompaniyalari va yuk tashuvchi kompaniyalarini Eron tankerlariga manzilga yetishda yordam bersa jazolanishi haqida ogohlantirgan.
“Dunyo bo’ylab yuk tashuvchi kompaniyalar, kema egalari, kema kapitanlari, kema sug’urtachilari, Eron va Venesuela o’rtasidagi barcha portlarni ogoh etib qo’ydik”, - deydi AQShning Venesuela bo’yicha maxsus vakili Elliot Abrams.
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy o’tgan hafta agar AQSh Venesuelaga yo’l olayotgan Eron neft tankerlari yo’lini to’sishga harakat qilsa, jazolanishi haqida ogohlantirgan.
“AQSh harbiy-dengiz kuchlarining har qanday qaroqchilik harakatlariga keskin javob beramiz”, - dedi Ruhoniy.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Vashington Venesuela bilan gumanitar inqiroz deb ko’rilayotgan yoqilg’i tanqisligi yuzasidan mojaro boshlash niyatida emas.
“Tankerlarning manzilga yetganini AQSh zaifligi deb ko’rish mumkin. Ammo shu bilan birga, amerikaliklar tankerlarni insonparvarlik yuzasidan o’tkazgan deb o’ylayman”, - deydi venesuelalik taniqli iqtisodchi va “PDVSA” sobiq direktori Xose Toro Xardi.
Qo’shma Shtatlar Venesuelada o’zini prezident deb e’lon qilgan, ammo hokimiyatni qo’lga ololmayotgan siyosatchi Xuan Guaydoni qo’llab-quvvatlaydi.
Virjiniya texnologiya universiteti tadqiqotchisi Yusuf Aziziyning aytishicha, AQSh Eronga qarshi keskin chora ko’rmayotganiga sabab shuki, ixtilof Donald Trampning qayta saylanish imkoniyatlariga zarar qilishi mumkin.
Venesuela neftchilar federatsiyasi rahbari Ivan Freytasga ko'ra, Eron Venesuelaga turib qolgan neftni qayta ishlash zavodlarini ishga tushirish uchun kerakli aklilat komponentini ham yetkazgan.
“Mamlakatda to’rtta shunday zavod bo’lib, ular ayanchli ahvolda”, - deydi Freytas.
Unga ko’ra, neftni qayta ishlash zavodlarida malakali mutaxassislar yetishmaydi.
“Malakali ishchilar Venesuelani tark etgan. 2-3 foizi qolgan, xolos. Zavodlar ishga tushirilsa ham qancha ishlashini bilmaymiz. Hozirgi ahvolida zavodlar ko’pga chidamaydi”, - deydi Freytas.
Kuzatuvchilar Venesuela Eronga yetkazilgan neft uchun oltin bilan to’lashini taxmin qilmoqda.
“Venesuela xorijiy valyutasining 97 foizini neft hisobiga olardi, ammo hozir neft ishlab chiqarish kamaygan”, - deydi iqtisodchi Xose Xardi.
Unga ko’ra, xorijiy valyutaning qolgan qismi chet elda ishlab, vatanga pul jo’natayotgan 5 milliondan ziyod venesuelalik hisobiga olinardi, ammo koronavirus pandemiyasi sabab ko’plar ishsiz qolib, pul o’tkazmalari to’xtagan.
Facebook Forum