Breaking News

Al-Qoidadan ajralgan guruh Iroqqa jiddiy xavf solayapti


Al-Qoida terror tizimi Iroqqa jiddiy xavf solayapti, deydi Brett Makgurk, AQSh davlat kotibining Iroq va Eron masalalari bo’yicha muovini.

“Iroq islomiy davlati va Levant” nomli guruh o’tgan yildan buyon suiqasd xurujlari sonini keskin oshirgan. Diplomat bu borada Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasiga hisobot berdi.

“Suiqasd xurujlari ortida aynan shu guruh turgani, uning a’zolari Iroqqa Suriya orqali kirib kelayotganini bilamiz”, - deydi rasmiy.

Masalan, 2012-yilning noyabrida Iroqda atigi 3 suiqasq xuruji qayd etilgan bo’lsa, 2013-yilning noyabrida ular soni 50 taga oshgan.

Brett Makgurk so’zlariga ko’ra, al-Qoida Iroqda mazhablararo ziddiyatlarni qo’zg’ash uchun shia, kurd va sunniylarni birdek nishonga olmoqda. Guruh rahbari Suriyada ekani haqida ma’lumotlar bor.

Vashington Bag’dodni ekstremistlarga qarshi kurashda siyosiy va iqtisodiy, shuningdek, xavfsizlikni o’z ichiga olgan puxta strategiya ishlab chiqishga undayapti.

Iroqqa harbiy texnika uzatish bilan birga mahalliy armiya malakasini oshirishda ko’mak ko’rsatilyapti.

Hafta boshida al-Qoida markaziy rahbariyati “Iroq islomiy davlati va Levant” guruhi bilan aloqani uzganini e’lon qildi.

“Bu guruh al-Qoida qanoti hisoblanmaydi va uning hatti-harakatlari uchun biz javobgar emasmiz”, deyiladi al-Qoida bayonotida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG