Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Tal-Afar shahrida o’rnashib olgan jangarilardan shaharni tark etishni talab qildi, aks holda ular yo’q qilinishini aytdi.
Tal-Afar Musuldan 50 kilometr narida joylashgan bo’lib, Iroq kuchlari “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi yurishni boshlagan. Amaliyotning birinchi kunidayoq shahar atrofidagi bir necha rayon qo’lga kiritilgan. Musul esa yil boshida jangarilardan tortib olingan edi.
"Hujum sahar 6 da boshlangan. Dushman unga dosh berolmadi. Jangarilar bir necha mashinani bombaga to’ldirib, yo’llarni to’sib, yo’l chetiga bombalar o’rnatib, bizni to’xtatmoqchi bo’ldi, ammo behuda", - dedi Iroq armiyasi qo’mondoni general-leytenant Riyod Tavfiq.
Piyoda askarlar hujumidan oldin AQSh samolyotlari jangarilar pozitsiyalarini bombardimon qildi.
"Har bir jangda ustun keldik. Daish mag’lub bo’ldi", - dedi bosh vazir.
“Islomiy davlat” Musulni 2014-yil iyunida son jihatdan ustun Iroq kuchlaridan tortib olgan edi, ammo AQSh yordami va tayyorgarligi tufayli o’zini tiklab olgan armiya o’tgan yil oktabr oyida boshlagan Musulni ozod etishga qaratilgan amaliyotni o’tgan oy g’alaba bilan yakunladi.
Asosan shialar yashovchi Tal-Afar ham 2014-yilda “Islomiy davlat” nazoratiga o’tgan edi. Musul va Suriya chegarasi o’rtasida joylashgan bu shahardan jangarilar ta’minot uchun foydalangan.
Harbiylarning aytishicha, Tal-Afar ko’chalari Musulnikiga qaraganda kengroq bo’lgani uchun uni ishg’ol qilish osonroq bo’ladi, chunki tanklarni ishga solsa bo’ladi. Hisoblarga ko’ra, shaharda salkam 2000 jangari bor.
O’tgan hafta shaharda havodan varaqalar tarqatilib, aholidan Tal-Afarni tark etish so’ralgan. Shahar qo’lga kiritilsa, armiya Kirkuk viloyatida joylashgan Havija shahriga ham yurish boshlaydi. “Islomiy davlat” g’arbdagi Anbar viloyatida ham bir necha rayonni nazorat qilmoqda.
Facebook Forum