Breaking News

Iroq deputatlari lavozim talashmoqda, yangi hukumat tuzilgani yo'q


Iroqda bosh vazirlikka saylangan Haydar al-Abadiy
Iroqda bosh vazirlikka saylangan Haydar al-Abadiy

Iroq parlamenti shanba kuni yangi hukumat a’zolarini tanlashi kerak edi, ammo deputatlar orasida savdo qizib, masala hal bo’lmadi. Xalq noiblari muhim vazirliklarni, xususan mudofaa vazirligini kim boshqarishi xususida kelishib ololmadi. Bosh vazirlikka saylangan Haydar al-Abadiy bugun (dushanba) ham hukumatni tuza olmasa, qonunga ko’ra, bu vazifa boshqalarga topshiriladi.

Parlament a’zolari byudjet xususida uzoq tortishib, yangi hukumat masalasini dushanba kuni hal qilishga kelishib oldi. Siyosiy fraksiyalar bugun ham bu ishning uddasidan chiqa olmasa, Prezident Fuad Mahsum siyosiy maslahatdan so’ng bu vazifani boshqalarga yuklaydi.

Muddati tugayotgan Bosh vazir Nuri al-Malikiy parlamentdagi salbiy muhitdan noroziligini bildirib, diniy va siyosiy raqobat deputatlarga hukumatni tuzishda halaqit berayotganini aytdi.

Sunniylardan spiker etib tayinlangan Salim al-Jabboriyning matbuot kotibi Ahmad al-Jabboriy bergan ma’lumotga ko’ra, parlamentdagi sunniy va shia fraksiyalar muhim lavozimlarni talashmoqda.

"Raqib guruhlar mudofaa va ichki ishlar vazirlari nomzodlari bo’yicha kelisha olmayapti. BMTning Iroqdagi vakili Nikolay Mladenov vositachi bo’lishni taklif etib, bu masalada spiker bilan fikr almashgan", - deydi Jabboriy.

Parlamentning sunniy deputati Abdul Qodir al-Sumurrayning aytishicha, sunniy siyosatchilar ularning intilishlarini qondirmaydigan hamda sunniy siyosatchilarning yana panada qolishiga olib keladigan vazirlik portfellari bo’yicha shartnomani qo’llab-quvvatlamaydi.

Shia deputat Razzoq al-Najimiyning aytishicha, mudofaa vaziri lavozimi uning Badr blokiga berilishi lozim.

Parlamentdagi ayrim ayol deputatlar matbuot anjumani o’tkazib, yangi vazirlar ro’yxatida ayollarga muhim lavozimlar berilmaganidan shikoyat qildi va erkak qonunchilarni ayollar huquqlari va konstitutsiyani buzayotganlikda aybladi.

Iroq davlat televideniyesining xabar berishicha, AQSh maxsus vakili Brett Makgurk va elchisi Robert Bikroft spiker Jabboriy bilan uchrashib, undan deputatlar bilan maslahat qilishni va yangi hukumatni dushanba kungacha tuzishni tavsiya etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG