Breaking News

BMT 2010-yilda Iroqda inson huquqlari ahvoli yomonlashganini aytmoqda


BMT 2010-yilda Iroqda inson huquqlari ahvoli yomonlashganini aytmoqda
BMT 2010-yilda Iroqda inson huquqlari ahvoli yomonlashganini aytmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tayyorlagan yangi hisobotga ko'ra, Iroqda inson huquqlari bobida qonunbuzarliklar keng tus olgan. 2010-yildagi vaziyatni o'z ichiga oluvchi hujjat yutuqlar juda cheklanganini ta'kidlaydi.

BMT hisobotida aytilishicha, mojarodan keyin qaddini rostlayotgan Iroqda inson huquqlariga doir ahvol juda ham qaltis. Mamlakat qator qiyinchiliklarga yuz tutmoqda, jumladan qashshoqlik keng tus olgan, iqtisodiy beqarorlik hukm surmoqda, atrof-muhit muhofazasiga e'tibor qaratilmayapti, aholini asosiy xizmatlar bilan ta'minlash yo'lga qo'yilmagan.

Ammo eng katta muammo - zo'ravonliklarning to'xtamayotgani. Natijada oddiy fuqaro o'lib, infratuzilma ham bundan zarar ko'rmoqda. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari matbuot kobiti Rupert Kolvilning Amerika Ovoziga aytishicha, o'tgan yili 3-4 ming atrofida odam o'lgan.

"Albatta, bu 2007-yilga qaraganda ancha kam. O'shanda 18 mingga yaqin kishi o'lgan edi. Ammo 3-4 ming ham oz emas. Jarohat olganlar undanda ko'p, taxminan 14 ming. Qurbonlar orasida diniy yetakchilar, jurnalistlar, shifokorlar, o'qituvchilar bor", - deydi Kolvil.

BMT hisobotiga ko'ra, xurujlarning aksariyati jamoat joylarda amalga oshirilmoqda. Natijada hukumat fuqarolarning ba'zi huquqlarini cheklashga majbur bo'lgan, xususan uyushish erkinligi, so'z va e'tiqod erkinligi shular jumlasidan.

BMT rasmiysining aytishicha, huquq-tartibot organlari va adliya tizimida ham jiddiy muammolar mavjud. Qonun normalariga rioya qilish, adolatli sud kabilar.

"Sudda isbot va dalilga tayanishdan ko'ra ayblanuvchining jinoyatni bo'yniga olishiga ko'proq e'tibor qaratilmoqda. Bu esa o'z-o'zidan qiynoqlarga turtki beryapti. Ayblanuvchilarga jismoniy va ruhiy azob berish to'xtamagan ham. Tergov izolyatorlari va qamoqxonalarda muammolar ko'p. Albatta, ahvol mamlakat bo'ylab birdaymas. Masalan, shimolda, Kurdiston mintaqasida vaziyat ancha yaxshi", - deydi Kolvil.

BMT hisobotida keltirilishicha, ayrim hududlarda maxfiy qamoqxonalar bo'lib, mahbuslar u yerda sud hukmisiz saqlanadi, tashqi dunyo bilan aloqasi yo'q. BMT hujjati ularni adliyaga topshirishga chaqirib, xavfsizlik kuchlari orasida jinoyat sodir etganlar jazosiz qolishini ham ta'kidlaydi.

Tahlilchilar nazarida Iroqda 2010-yilda ayollar huquqlari borasida ahvol yomonlashgan. Oilaviy zo'ravonlik, xiyonatga qo'l urgan juvonlarni o'ldirish hollari ko'paygan.

Zo'ravonlik va qurolli mojarolar bolalarni hamda diniy ozchilikdagi guruhlarni ham chetlab o'tayotgani yo'q.

BMT islohoti hukumatga adliya va politsiya tizimini isloh qilishni tavsiya qiladi. Jumladan, tergov izolyatorlari va qamoqxonalar nazoratini bir idoraga topshirib, o'lim jazosini vaqtincha to'xtatish kerakligiga urg'u beradi, toki begunoh odamlar tergov yoki sud ishining xatosi tufayli qatl etilmasin.

Hujjat, shuningdek, sudyalar malakasini oshirishga qaratilgan mashg'ulotlarni ham tavsiya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG