Breaking News

Kurdlar Sinjar shahrini "Islomiy davlat"dan tortib oldi


AQShning havo hujumlari yordamida kurd jangchilari Iroqning Sinjar shahri atrofidagi bir qancha hududlarni "Islomiy davlat" (IShID) dan tortib oldi. Kurdiston rahbariyati Sinjarning to'liq ozod qilinganini aytmoqda, ammo AQSh buni tasdiqlaganicha yo'q. Peshmerga kuchlarining 12-noyabr kuni boshlangan katta amaliyoti hududni bir yildan beir egallab kelayotgan jangarilar uchun katta zarba bo'ldi.

Sinjar uchun janglar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00

AQSh samolyotlari havodan IShID manzillarini o'qqa tutar ekan, Iroq hukumati vertolyotlari ham jangarilarni nishonga oldi. Kurdlar esa yerdan hujum qilib, Mosulni Suriyadagi jangarilar markazi bo'lgan Raqqa shahri bilan bog'lovchi asosiy yo'lni to'sib qo'ydi.

AQSh Markaziy qo'mondonligi ma'lumotiga ko'ra, 47-trassa deb ataluvchi yo'l qurol, neft va boshqa harbiy amaliyotlar uchun zarur materiallarni tashish uchun asosiy yo'lak vazifasini bajargan.

Sinjarni ozod etish amaliyoti 15 oy oldin jangarilar yazidiylar shahrini qo'lga olgandan beri davom etyapti. Jangda 7500 peshmerga kurdlari qatnashyapti.

Kurdiston bosh vazirining harbiy maslahatchisi Kifa'a Mahmudning aytishicha, amaliyotga mahalliy aholi ham qo'shilgan.

Sinjarni qayta egallash uchun kechayotgan jang ishtirokchilarining aksariyati shu yerlik odamlar; ular kurdlar bilan bir safda kurashyapti, deydi u.

Harbiy tahlilchi Husayn Allaviyga ko'ra, peshmerga kuchlarining Sinjarga hujumi IShID uchun katta zarba.

Sinjar va Telafar orasidagi trassa ustidan nazoratni boy berishsa, Raqqadagi IShID qo'mondonlari Iroqdagi kuchlariga ortiq quruqlik orqali ta'minot jo'nata olmaydi, deydi u.

IShIDga qarshi qo'shma kuchlar so'zlovchisi, AQSh polkovnigi Kristofer Garver fikricha, amaliyot ta'minot yo'lini to'sish bilan birga, jangarilarning moliyaviy imkoniyatlarini qirqib, Mosul va Raqqani yanada ajratib qo'yadi.

Hujumning dastlabki soatlarida AQSh yetakchiligidagi havo kuchlari shimoliy Iroqda o'nlab havo zarbalarini amalga oshirdi. Kurash qattiq bo'ladi, ammo peshmerga kuchlari 3-4 kun ichida Sinjarni egallashadi, deb umid qilamiz, deydi nomi oshkor qilinishini istamagan AQSh harbiylaridan biri.

Londonda joylashgan Tashqi siyosat markazi tahlilchisi Jeyms Denseloga ko'ra, so'nggi paytlarda xalqaro koalitsiyaning Iroq va kurd ittifoqchilari bilan IShIDga qarshi olib borayotgan kurashida sezilarli natijalar ko'zga tashlanyapti.

"Biz IShIDga qarshi sekin, og'riqli, ammo sezilarli siljishga guvoh bo'lyapmiz. Taktik g'alabalardan xulosa yashash imkonsiz bo'lsa ham, muhim hududlarning qo'lga kiritilishi natijasida Mosul sari olis yo'l yana bir qadam yaqinlashganga o'xshaydi", - deydi u.

Kurdlar, Sinjarni egallash bilan birga, tinch aholini yaxshiroq himoya qilish imkonini beruvchi bufer zona yaratishni ham maqsad qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG