Iroq harbiylari va kurd jangchilari islomiy jangarilar hujumidan omon qolish uchun Sinjar tog’lariga qochgan etnik ozchilik aholiga birgalikda yordam qo’lini cho’zmoqda. Yazidiy diniy oqimiga mansub minglab iroqliklar o’tgan haftadan beri tog’ tepasida suvsiz va oziq-ovqatsiz qolib ketgan edi. AQSh va Iroq harbiy samolyotlari jangarilar postlariga havodan zarba berib, yordam yo’laklarini ochmoqda. Qochayotib ko’plab oilalar yaqinlarini yo’qotgan.
Sinjar tog’lariga yashiringan yazidiy qochoqlariga oziq-ovqat yetkazgan yordam vertolyoti qaytishda bir guruh bolalarni o’zi bilan xavfsiz hududga olib ketdi. Jangarilar hujumidan Suriyaga qochgan yuzlab yazidiylar endi Suriyadagi kurd jangarilari yordami bilan Iroqqa qaytmoqda.
“Kurd ishchilar partiyasi bizga yordam berdi. Ularga bu mehribonliklari uchun rahmat aytamiz. Chegaraga yetguncha 11 soat yurdik”, - deydi yazidiy qochoqlardan biri.
“Tog’lardan piyoda yurib keldim. Sinjar tog’idan Suriyaga piyoda bordim. Bir shisha suvimiz bor edi. Endi u ham yo’q. Faqat men emas, yana minglab odamlar bor”, - deydi yana bir qochoq.
Vaqtinchalik ko’prik orqali Iroqqa o’tgan ko’plab yazidiylar safar davomida oila a’zolarini yo’qotganini aytadi.
“Bizni qutqarishga kelgan bir mashinaga ikkita o’g’limni berib yuborgan edim. Keyin men uyga qaytib borib mana bu o’g’limni olib keldim. Ammo kelsam, mashina allaqachon jo’nab ketgan ekan. Shuning uchun yo’lning yarmigacha piyoda yurib keldim. Yo’lda bir mashinaga chiqib, nihoyat yetib keldik. Uchta bolam bor. Bittasi men bilan, lekin ikkitasini yo’qotdim. Ularni va erimni o’shandan beri ko’rganim yo’q”, - deydi yazidiy ayollardan biri.
Zardo’shtiylik diniga aloqador ko’hna e’tiqodga ergashuvga bu yazidiylar shu paytgacha Iroq kurdlari bilan ahil yashab kelgan. Islomiy jangarilar ularni, agar islom diniga kirmasa, o’ldirish bilan tahdid solmoqda.
Amerikada istiqomat qiluvchi yazidiylar guruhi vakillari Davlat departamentida AQSh rasmiylari bilan uchrashib, jabrdiyda xalqqa ko’proq yordam ko’rsatishni iltimos qildi.
“Ular hatto islom diniga kirsa ham, ekstremistlar o’z holiga qo’ymaydi. O’zlari bilan birga jang qilishga borishini talab qiladi. Ayollarini qul bozoriga olib chiqib sotishadi. Amerika hukumati, Davlat departamenti buni tushunishini istayman. Biz bilan uchrashgan odamlar hukumatning boshqa agentliklari yordamida qo’llaridan kelgancha yordam berishga va’da berishdi”, - deydi AQShda istiqomat qiluvchi yazidiylardan biri Daxil Shammu Elias.
AQSh Iroqni barcha guruhlarni o’z ichiga oluvchi hukumat tuzishga undamoqda. Prezident Obama Iroqning yangi hukumati bu borada kerakli o’zgarishlarni amalga oshirishiga umid bildirdi. Amaldagi Bosh vazir Nuri Al-Malikiy o’rniga nomzodi ko’rsatilgan Haydar al-Abadiy iroqliklarni birlashishga chaqirdi.
“Barcha odamlar va siyosiy guruhlar birgalikda bu vahshiy hujumni yengishimizga va barcha iroqliklar uchun yaxshi muhit yarata olishimizga ishonaman”, - dedi u.
Abadiy yangi hukumat tuzishi uchun 30 kun muhlatga ega. Ammo Nuri al-Malikiy hokimiyatni topshirishdan bosh tortmoqda.