Iroq hukumati bir necha kun ichida Musul shahrini jangarilardan butunlay tozalashga umid qilmoqda. Biroq, deydi mutaxassislar, yolg’iz harbiy g’alaba bilan mintaqada tinchlikka erishib bo’lmaydi. Ular nazarida, Bag’doddagi hukumat hududdagi barcha guruhlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishi lozim.
Musulning sharqida yashovchi aholi so’nggi uch yilda ilk bor Ramazon hayitini “Islomiy davlat” jangari guruhisiz nishonladi.
"Shaharning g’arbiy qismida yashovchi birodarlarimizga yaqin orada ozod bo’lishlarini aytib qo’ymoqchimiz. Ertami, kech, Daishdan qutulishadi”, - deydi Issam Ibrohim ismli bu odam.
Hukumat kuchlari shaharning hanuz jangarilar nazoratidagi tarixiy markazi tomon olg’a yurmoqda. Eski shaharda janglar oson kechmayapti, chunki ko’chalar tor, aholi zich yashaydi.
"Shu paytga qadar minglab oilalarni xalos etdik. Amaliyot davom etmoqda. Ammo ehtiyotkorlik bilan harakatlanish kerak. Aholi va askarlar hayotini zaruratsiz tahdidga qo’ymasligimiz kerak”, - deydi general Abdulvahob Saadiy.
Biroq talafotlar urushning bir qismidir.
"Qizlarim qamalda edi. Havo hujumida ular turgan uy vayron bo’ldi, qizlarim nobud bo’ldi. Ammo u yerga borib ko’rmoqchiman, Balki o’lmagandir ular”, - deydi Suham Muhammad ismli odam.
Qiyinchiliklarga qaramay, hukumat g’alaba yaqin, deydi. Biroq bu bilan tinchlik darrov qaror topmaydi. Shahar boshqaruvi va nazoratini qo’lga oladigan odamlar turli elat va mazhab vakillaridan tarkib topishi kerak, deydi vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlon.
"Jamiyatdagi tizim ishdan chiqqan bir sharoitda ishonchni tiklash oson bo’lmaydi. Yovuz kuchlar g’oyib bo’lishi bilan odamlar bir-biriga ishona boshlamaydi. Hamkorlik yordamida ishonchni tiklash kerak, qadamma-qadam”, - deydi u.
Facebook Forum