Bag’dodda razvedka agentligi joylashgan bino nishonga olingan. Bomba ortilgan mashina kelib imoratga urilgan va portlab ketgan. Haydovchi kim ekani, qaysi to’dadan bo’lgani hozircha noma’lum. Ikki xizmatchi halok bo’lgan.
Juma kuni Iroq poytaxtida sunniylar masjidi portlatilgan va 60 kishi o’lgan edi.
Ayrimlar bu xurujda shialarni ayblasa, boshqalar bu “Islomiy davlat” ishi deydi. Maqsad – mamlakatda mazhablararo mojarolarni avj oldirish, urushga turtki berish.
BMT va AQSh Iroqni birdamlikka chaqirmoqda. Hozir bir xalq sifatida bir yoqadan bosh chiqarib, umumiy dushmanga qarshi kurashish payti, deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.
Oq uy esa Iroqda jangarilarga qarshi havo hujumlari yanada kengayishi haqida ma’lum qilmoqda.
Prezident Barak Obamaning maslahatchilaridan biri Ben Rouds deydiki, hujumlar chegaralar bilan cheklanmaydi. “Islomiy davlat” o’choqlari Suriyada ham nishonga olinishi mumkin. Bu guruh Iroq-Suriya orasida izg’ib yuribdi, deydi Rouds.
Iroqda yangi hukumat tuzilar ekan, Amerika mazhab tushunchasi chetga surilsin deya undamoqda. AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden nazarida agar shia-sunniy siyosiy kelishmovchiligi davom etsa, Iroq barbod bo’ladi. Kurdlar, sunniylar va shialar – bir Iroq shaklida harakat qilmog’i lozim, deydi Bayden. Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriy maqsad shu deya uning gaplarini olqishlamoqda.
8-avgustdan beri Amerika havo kuchlari Iroqda “Islomiy davlat” ga qarshi 93 amaliyot olib borgan.