Bugun Iroq bo’ylab ro’y bergan qonli xurujlarda 55 odam halok bo’lgan, 225 dan ziyodi jarohatlangan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, poytaxt Bag’dodning shialar yashovchi mahallalari nishonga olingan. Karrada tumanida birin-ketin bomba portlab, 24 kishi o’lgan.
Jangarilar Iroqning yana 11 shahrida politsiya uchastkalari, restoran va maktablarga hujum qilgan.
Portlashlarda Iroq Islomiy Davlati degan tashkilot ayblanmoqda. Uning al-Qoidaga aloqador tuzilma ekani gumon qilinadi.
O’tgan hafta Bag’doddagi politsiya akademiyasi qarshisida mashina portlab, 19 kursant o’lgan edi. Bular ortida kim turgani ma’lum emas.
AQSh qo’shinlari o’tgan yil dekabrda Iroqni tark etganidan beri mamlakatda zo’ravonlik sur’ati oshgani kuzatiladi.