Breaking News

"Islomiy davlat" asirligidan qutulgan yazidilar yordamga muhtoj


Iroqning Kurdiston mintaqasi rasmiylariga ko’ra, “Islomiy davlat” jangari to’dasi tomonidan qullikka olinib, bir necha yildan so’ng ozod bo’lgan yazidi xalqining salkam 3000 vakili hamon qidirilmoqda. So’nggi oylarda 150 odam qutqarilgan, aksariyati yosh bolalar. “Amerika Ovozi” muxbiri yaqinda Iroq Kurdistonida bo’ldi.

Xalqaro hayot - 15-noyabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:42 0:00

Yazidilarni g’ayriddin deb bilgan jangarilar besh yil oldin ularni asirga olib, ko’plarini qatl etgan, ayollar va bolalarni esa qul qildi.

Mana bu oila ham qo’lga olinib, undagi har bir bola har xil odamlarga sotilgan.

“Uyda o’tirgan edik. Jangarilar uyni qurshab oldi. Erkaklarni olib ketishdi, ayollar va bolalarni esa uyga qamashdi. Qocholmasdik”, - deydi uch farzandning onasi.

Bolalarni ozod qilishganida ular qullikdan oldingi hayotni eslay olmadi. “Islomiy davlat”ning so’nggi qal’asi mart oyida quladi. Yazidi asirlar xaloskorlariga o’zlarining kimligini oshkor qilmadi.

Rasmiylarga ko’ra, bu xalq vakillarining bedarak ketgan bir qismi jangarilarning oilalari turgan lagerlarda bo’lishi, yordam so’rashga qo’rqayotgan bo’lishi mumkin.

“Bu odamlar IShID bilan besh yil dahshatda yashashdi. Ko’plari jinsiy tajovuzga uchragan, qiynoqqa solingan, ochlikka yuz tutgan. Lagerda yashovchi “Islomiy davlat”ga aloqador ayollar ularning yazidi ekanini bilib qolsa, ularga jabr qilishi mumkin. Aksariyatiga oilasi nobud bo’lganini, uyga yo’l olishsa, ularni ham o’ldirishlarini aytishgan”, - deydi iroqlik kurd rasmiysi Husayn Qaydi.

Nobud bo’lgan minglab yazidilarning jasadlarini aniqlash ishlari hududda amalga oshirilmoqda. Bedarak ketganlarni ham qidirishmoqda. Mahalliy rasmiylar xalqaro hamjamiyat bu ishda yordam bermayotganidan, uyidan ayrilgan yuz minglab yazidilar ko’maksiz qolayotganidan nolimoqda.

“Pulsiz bolalarimizga kelajak yaratib bo’ladimi? Maktab bo’lsa, yozishga daftar, kiyim-kechak yo’q. Birorta ish bo’lmaganidan keyin bolalarimizni qanday kelajak kutishi mumkin?” – deya so’raydi yazidi ona.

Bu xalq vakillari tug’ilib o’sgan joylariga hozircha qaytmoqchi emas. Jangarilar qattiq talafot ko’rgan bo’lsa-da, butunlay yo’q bo’lmagan, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG