AQSh janubidagi Florida shtati qudratli to’fonni boshdan kechirdi. Vaqtincha boshqa shtat va shaharlarga ko’chirilgan aholi sekin-asta orqaga qaytmoqda. Uylarni suv bosgan, ko’plab hududlarda hamon tok yo’q. Tabiiy ofat milliardlab dollar zarar keltirdi.
Dovul kelishidan oldin Floridaning orol shaharlari evakuatsiya qilingan edi. Ayrimlar uyini tark etishdan bosh tortgan. Yoki boshqalarga yordam berish uchun qolgan.
“Poyezd kelayotgandek eshitildi”, - deydi floridalik Diksi Kristal.
“Shamol tovushi haliyam yodimda”, - deydi Julian Martinez.
Katta trassa ochilishi bilan mahallasiga qaytgan floridaliklar vayronagarchilikni ko’rib, dahshatda.
“Bu darajada bo’ladi deb o’ylamagandim”, - deydi Bob Galbavi.
Tabiiy ofat yuz berganidan keyin birinchi marta uyga qaytish oson emas. Butun umr yig’gan mol-davlati yer bilan yakson bo’lgan. Moddiy zarar u yoqda tursin, mahalla, oila, qo’shnilar va do’stlar hayotida ham katta o’zgarishlar bo’lishi aniq.
“Bu mening ikkinchi uyim edi. Ayrimlar bor-butini sotib, Floridaga doimiy ko’chib kelgan, ular nima qilsin”, - deydi Galbavi.
Billi Kvin o’t o’chiruvchilar oilasidan. Amakisi va bobosi ham shu kasbda bo’lgan. Dovul uyini uchirib ketdi. Hukumatdan yordam kutmoqda.
“Mahallimizni kim qayta quradi? Yeng shimarib, o’zimiz quramiz. Yordam tezroq kelsa bo’lgani”, - deydi u.
Diksi Kristal uyining yonida Amerika bayrog’i qadalganini ko’rib, bu madad tez orada kelishidan nishona, deydi.
Facebook Forum