AQShning terrorchilar propagandasiga qarshi kurash bo'yicha bosh diplomati nazarida "Islomiy davlat" to'dasi internetda ta'sir kuchini yo'qotmoqda. Lekin g'azabnok, ruhan zaif musulmonlarni hanuz qarmog'iga ilintirishga muvaffaq bo'layapti.
Richard Stengel Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo'mitasida so'zlar ekan, virtual xalifalik kichrayib borayapti, dedi.
"Islomiy davlat"ga qarshi da'vatlar soni bu to'dani yoqlovchi bayonotlarga qaraganda olti karra ko'paygan, deydi u.
Stengel Amerikaning aksil-terror tashabbuslarini jahon bo'ylab yoyishda jonbozlik qiladi. Bu tashabbusga texnologiya kompaniyalari, Gollivud mutaxassislari, dunyoning turli burchaklaridan musulmonlar jalb qilindi.
Masalan, "Twitter" tarmog'ida terrorizmga xayrixoh minglab sahifalar yo'q qilindi. "YouTube" va "Facebook" ham terrorchilarga aloqador materiallarni muntazam olib tashlamoqda.
Shunday bo'lsa-da, terrorchi guruhlar muayyan auditoriyani jalb qilayapti. "Islomiy davlat" to'dasi shu qadar ustomonlik bilan targ'ibot olib boradiki, musulmon qiz va o'g'illarni yo'ldan ozdirib, jangariga aylantirmoqda.
Ular musulmon dunyosida bugun mavjud g'azab va g'am-anduhni o'z maqsadlarida qo'llayapti, deydi Amerika diplomati.
Stengelning aytishicha, jangari to'da frontda tortayotgan mag'lubiyat kiber maydonda ham aks-sado berayapti.
Iroq kuchlari va xalqaro koalitsiya guruh nazoratidagi maydonning 40 foizini tortib olishga muvaffaq bo'ldi. Internetda targ'ibot olib borayotgan jangarilar ham qo'lidagi vositasi va odamlaridan ayrilmoqda, deydi diplomat.
Bu bosim, sa'y-harakatlarni davom ettirish muhim, deydi u.