2019-yilda “Islomiy davlat” jangari guruhi jiddiy zarba yedi. To’daning Suriyadagi so’nggi qal’asi mart oyida quladi. Oktabrda esa AQSh maxsus kuchlari “Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr Al-Bag’dodiyni topib o’ldirdi. Biroq hudud va rahbardan ayrilganiga qaramay, to’da parchalanmadi, aksincha, faoliyatini dunyo bo’ylab yoyishga intilmoqda.
“Islomiy davlat” 2019-yilgacha Iroqdagi hududlaridan ayrilib, ayrim kuzatuvchilar va siyosatchilar guruhning kuni bitdi, degan edi.
“Prezidentlikka kelganimga salkam ikki yil bo’ldi va IShID ustidan g’alaba qozondik”, - degan edi Donald Tramp.
AQSh prezidenti bu gaplarni yana bir necha bor qaytardi.
“Suriyada xalifalikni butunlay yo’q qildik. Bungacha 90 foizga, 92 foizga mag’lub bo’lishgani haqida gapirgan edik. Mana endi 100 foizga g’alaba qildik”, - degan edi Tramp.
Biroq AQShning hududda jangarilarga qarshi kurashayotgan ittifoqchilari Trampnig bu da’volarini shubha ostiga qo’ydi.
Xalifalik yo’q bo’lgani bilan, guruh g’oyib bo’lmadi, unga qarshi kurash davom etdi. “Islomiy davlat”ning haligacha 18 mingga yaqin jangarisi Iroq va Suriyaning hukumat nazoratida bo’lmagan hududlarida izg’ib yuribdi, qo’lga olingan minglab jangarilar va ularning o’n minglab oila a’zolari qamoqxonalar va lagerlarda saqlanmoqda.
Aprel oyida “Islomiy davlat” jonlanganday bo’ldi - Shri-Lankadagi hujum paytida 250 ga yaqin odam nobud bo’ldi. Guruh rahbari Abu Bakr Al-Bag’dodiy tarafdorlarini ishonchni yo’qotmaslikka da’vat etdi.
To’da Afg’onistonda kuchga to’layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Razvedka idoralari hisoblariga ko’ra, bu mamlakatda 5000 ga yaqin odam terror guruhining qora bayrog’i ostida to’plandi.
“Shijoat va targ’ibotlari o’lmagan. Afg’onistondagi jangarilar tashqarida xurujlar uyushtirmoqchi ekani haqida ma’lum qildi”, - deydi AQSh Milliy aksilterror markazi rahbari Rassl Travers.
Jangarilar ijtimoiy sahifalarda Afrikadan tortib Filippingacha faol ekani haqida maqtandi. Biroq oktabr oyida guruhga jiddiy zarba berildi.
“Tunda Qo’shma Shtatlar dunyoning birinchi raqamli terrorchisini jazoladi. Abu Bakr Al-Bag’dodiy o’ldirildi”, - dedi Tramp.
AQSh maxsus kuchlari uni Suriyada topishga muvaffaq bo’ldi. Uning o’rinbosari Abu Hasan Al-Muhojirni esa ittifoqdosh kuchlar yo’q qildi.
“Islomiy davlat” Bag’dodiyning o’rniga razvedka idoralariga yaxshi tanish bo’lmagan Abu Ibrohim Al-Hoshimiy Al-Qurayshiy degan odamni yangi xalifa deb e’lon qildi.
“Jangarilar Iroq shimoli-g’arbida va Suriya shimoli-sharqida faol”, - dedi AQSh rasmiysi.
AQSh va ittifoqchilar jihodchilarga qarshi kurashni davom ettirdi va ularga Afg’onistonda hamda ijtimoiy sahifalarda qattiq zarba berdi. Yevropa xavfsizlik idoralari ularning Telegram, Twitter, Google va Instagramdagi sahifalarini yopdi.
“Hozircha “Islomiy davlat” internetda yo’q. Aloqani qanchada tiklab olishini ko’ramiz”, - degan edi oy boshida Belgiya federal prokurori vakili Erik Van Der Sipt.
10-dekabr kuni to’da Nigerda harbiy bazaga hujum qilib, 71 askarni o’ldirdi. Bu esa “Islomiy davlat”ga qarshi kurash hali tugamaganini ko’rsatdi.
Facebook Forum