“Islomiy davlat” jangarilari Iroqdagi tarixiy obidalarni vayron etishda davom etmoqda. Buni ularning o’zlari internetga qo’ygan videolardan ko’rsa bo’ladi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu urushdagi achchiq haqiqatlardan biri.
Aysorlar dunyoni qadimgi davrda, Usmoniylar va Rim imperiyalaridan oldin boshqargan. Bu xalq Yaqin Sharqdagi katta hududlarda 19-asrgacha yashagani ma’lum. So’nggi oylarda esa “Islomiy davlat” aysorlarning hozirda Iroqda joylashgan ko’hna Nimrud, Hatra, Ninevex, Xorsabod shaharlarini nishonga olib, buzg’unchilik qilishda davom etmoqda.
Internetda chiqqan videolarning birida jangarilar Nimrudni bombardimon qilib, san’at asarlari, haykallarni bolg’a bilan vayron etayotganini ko’rish mumkin.
O’zini “Islomiy davlat” jangarisi deb tanishtirgan bir odam ko’pxudolik sarqitlaridan qutulyapmiz, nasroniylar va amerikaliklarni majag’lab tashlaymiz, deydi.
Londondagi “Chatxam uyi” tahlil markazi xodimi Tim Itonning aytishicha, mafkura haqidagi gaplarga qaramay, jangarilar qadimiy boyliklardan foyda ko’rmoqda.
“Yengil narsalarni sotishadi. Tarixiy ahamiyatga ega yodgorliklarning ularga zarracha ham qadri yo’q, ammo puliga qiziqishadi. “Islomiy davlat” aql bilan ish ko’ryapti”, - deydi ekspert.
Unga ko’ra, jangarilar Suriya va Iroqda qo’lga kiritgan qadimiy san’at buyumlari savdosidan 200 million dollargacha foyda ko’rgan bo’lishi mumkin. Albatta, raqamlar taxminiy, chunki urush zonalarida aynan nima va qanchaga sotilganini bilib bo’lmaydi.
Ozchilikdagi diniy yoki etnik guruhlar uchun muqaddas bo’lgan madaniy merosning vayron etilishi mazhablararo ziddiyatlarni ham kuchaytirmoqda, deydi Tim Iton.
“Jangarilar bu bilan “bu endi bizning yerimiz, sizlarga bu yerda joy yo’q” demoqchi”, - deydi mutaxassis.
Bir yil oldin jangarilar Suriya va Iroqda katta hududlarni egallab olgach, minglab odamlar nobud bo'ldi. Endi esa ekstremistik guruh Liviyada ham kuchaymoqda. O'tgan hafta "Islomiy davlat" u yerda 30 nafar efiopiyalik nasroniyni qatl etdi.
Qohiradagi Amerika universiteti professori, rassom va tarixchi Bahiya Shahobning aytishicha, insonlarning o'limi va madaniy boyliklarning vayron etilishi birday fojiadir.
“Yodgorliklar tariximizning bir bo'lagi, tariximiz esa bizning o'zligimiz. Ularni kelajak avlodlarga topshirishimiz zarur. Biz nobud bo'lsak ham, tariximizni, qayerdan kelganimizni hikoya qiluvchi bu haykallar, noyob buyumlar saqlanib qolishi kerak”, - deydi Shahob.
Professorning aytishicha, jangarilarning zararkunandaligidan tashqari Suriya va Iroqdagi tarixiy boyliklar o'marilyapti, otishma va bombardirovkalardan zarar ko'ryapti.
Suriyada 2011-yilda boshlangan fuqarolar urushi 220 mingdan ziyod odamning yositig'ini quritdi. Halab va Hims kabi ko'hna shaharlar vayronaga aylandi, YUNESKOning Dunyo merosi ro'yxatiga kirgan olti yodgorligi zarar ko'rdi.
Professor Shahobning aytishicha, bu nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo boyligidir.
“Madaniy merosning vayron etilishi nafaqat hudud aholisi, balki butun insoniyatga ta'sir qiladi. Bu juda ham achinarli holat", - deydi u.
Kuzatuvchilarga ko'ra, Iroqdagi madaniy boyliklarning aksariyati ro'yxatga olinmagan, shu sabab bu urush qanchaga tushganini aniq bilib bo'lmaydi.