Breaking News

"Islomiy davlat" to'dasi Turkiyani nishonga olmoqchi


Istanbul, Turkiya
Istanbul, Turkiya

"Islomiy davlat" nomli jangari to'da Turkiyaga qarshi da'vatlarni boshladi. Internetda joylangan videoda jangarilar Istanbulni zabt etishga chaqiradi.

Unda Turkiya prezidenti sotqin deya qoralanadi. Mamlakatdagi ikki harbiy havo bazasiga Amerika boshchiligidagi koalitsiyani kiritgani uchun tanqid qilinadi. Koalitsiya bu bazalardan turib "Islomiy davlat" jangarilarining manzillarini bombardimon qilmoqda.

Videoda mahalliy aholi dahriylar, salbchilar va butparastlarga qarshi bosh ko'tarishga da'vat etiladi. "Shaytonning do'stlariga qarshi isyon qiling", deyiladi turk tilidagi murojaatda.

Bu video Turkiyada iyun oyidagi parlament saylovlari ketidan tinmayotgan siyosiy tanazzul paytida e'lon qilindi. Qonunchilar qo'shma hukumat tuzishni uddalay olmayapti va Prezident Rajab Toyib Erdog'an qayta saylovlar o'tkazishga majbur bo'lishi mumkin.

Turkiya rahbariyati "Islomiy davlat" nomli jangari guruhga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo'shilish ustida ancha vaqt o'ylandi, buning uchun mahalliy va xalqaro tanqidga uchradi. Nihoyat o'tgan oy Anqara Suriyada ekstremistlarga havodan zarba bera boshladi.

Erdog'an sizni Amerikaga qul qilib sotdi, deyiladi jangarilarning videosida.

Bu orada, Turkiya Iroq sobiq bosh vaziri Nuri al-Malikiyning Anqaraga qaratilgan tanqidlariga javob qaytardi. Malikiyning aytishicha, Turkiya hukumati "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlab keladi va shu tariqa Suriya rahbari Bashar al-Assadni zaiflashtirishga urinadi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligining javobi shuki, Malikiyning o'zi Iroqning Mosul shahrini jangarilarga boy bergan rasmiylardan biridir. Uning so'zlari jiddiy qabul qilishga arzimaydi, deyiladi vazirlik bayonotida.

Iroq parlamenti, shuningdek, Turkiyaning Naynova viloyatidagi konsulligini "Islomiy davlat" to'dasiga aloqadorlikda ayblagan. Mosul Naynova viloyatining poytaxti hisoblanadi. Bu da'vodan ham norozi Turkiya hukumati Iroqning elchisini huzuriga chorlab e'tiroz bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG