Breaking News

Karimovning Chexiyaga safarini bekor qilishga da'vatlar


O’zbekiston prezidentining kelasi hafta Chexiyaga rejalangan tashrifi surgundagi muxolifat orasida e’tiroz uyg’otgan. Faollar chex rasmiylarini tandiqga olmoqda. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham avtoritar rahbar Islom Karimov tashrifini bekor qilishga chaqirayapti.

Islom Karimovning Chexiyaga rejalangan safari haqida/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:53 0:00
Yuklab oling

Karimovning safari 21-fevraldan boshlanadi. Uni Yevropa Ittifoqiga a’zo Chexiya taklif qilgani huquq himoyachilarini norozi qildi. Bir necha xalqaro tashkilotlar tashrifni bekor qilishga chaqirdi.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan “O’t yuraklar” inson huquqlari tashkiloti Chexiyadagi siyosiy partiya lideri, sobiq tashqi ishlar vaziri Karl Shvarsenberg, Praga shahri hokimi Tomash Gudechekka murojaat qilgan.

Karimovning kelishi munosabati bilan norozilik chiqishi rejalayotgan bu tashkilot nazarida Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichni qabul qilinmagan Chexiyada Karimovga oliy darajada qabul uyushtirilayotgani hayratlanarli.

“Praga shahar hokimi Ukraina prezidenti Yanukovchni Chexiyaga kutilayotgan tashrifiga noroziligini bildirdi va Yanukovichni Havel aeroportiga qo’nishini Praga uchun sharmandali hol deb aytdi. Lekin bizni hayron qoldirgani, Yanukovichdan jinoyatlari ko’proq, o’z xalqining norozilik chiqishini rezinali o’qlar, boshqa usullar bilan emas, ommaviy qirg’in bilan bostirgan Karimovning kelishiga nima uchun hech qanday munosabat bildrilmayapti. Biz shu savollarga javob olish uchun ham siyosiy partiya yetakchilariga murojaat bilan chiqdik”, - deydi “O’t yuraklar” tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyeva.

Bu Karimovning oxirgi paytda Yevropa Ittifoqiga qilgan birinchi safari emas. O’tgan yil oktabrida u Rigada muzokarlar o’tkazgan va hamkorlikni rivojlantirishga qo’shgan hissasi uchun Latviya davlat ordeni bilan taqdirlangan edi.

Chexiyada kutilayotgan muzokaralar ham savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun muhimligi aytiladi. Rasmiy Toshkent Chexiyaga O’zbekiston uchun ittifoq bozorini ochuvchi mamlakat sifatida qaraydi. Praga rasmiy doiralaridagi munosabat ham shunga muvofiq - Markaziy Osiyoning yirik davlati O’zbekiston Chexiya uchun muhim iqtisodiy hamkor.

“Bu yerda geosiyosiy manfaatlar ustun ko’rinayapti. Islom Karimov Yevropaga emin-erkin kelishi, uni diktator emas, hamkor sifatida qabul qilishga yo’l ochilmoqda. Chexiya hukumati bu harakatni davom ettirayapti”, - deydi Tojiboyeva.

O’zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat hamon og’ir, demokratik islohotlar, so’z erkinligi borasida G’arb bilan muloqot natijasiz qolayapti.

“25 yildan buyon prezidentlikda qolayotgan Islom Karimov mintaqaning iqtidorli mamlakatlaridan bo’lgan O’zbekistonni politsiya rejimidagi davlatga aylantirdi. Bu rejim xalqni qo’rquvda va nazoratda ushlab turadi, so’z erkinligidan mahrum qilingan mamlakatda fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan repressiyaga ko’nikildi”, - deyiladi Chexiya rasmiylariga murojaatda.

“Biz siyosiy mahbuslar ozodligini, Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tergov o’tkazilishini, so’z erkinligi ta’minlanishini, qiynoqlarga barham berilishini talab qilamiz. Bundan tashqari, 22-fevral kuni Obidxon qoriga uyushtirilgan suiqasdga ikki yil to’ladi. Bu suiqasd buyurtmachisi sifatida Karimov rejimini bilamiz. Buyurtmachi va ijrochilarni adolatli sudga tortishga chaqiramiz. Shularni talab qilib Paragada namoyishlar o'tkazamiz”, - deydi Tojiboyeva.

Norozilik chiqishida Praga jamoatchiligi vakillari ham qatnashishiga umid qilinmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG