Breaking News
Din

Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida islom tarixi va san'ati ko'rgazmada


Islom san'ati Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida namoyishda
Islom san'ati Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida namoyishda

Nyu-Yorkning Metropoliten san’at muzeyida islom olamining qadim va noyob durdonalari ko’rgazmada. 13 asrlik tarix va bu davrlarga xos asarlar.

Islom san'ati Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida namoyishda
Islom san'ati Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida namoyishda

Muzeyning 15 galereyasida tasviriy san’atdan tortib Qur’onning eng qadimgi noyob nusxalarini ko’rasiz.

VII -XIX asr oralig’ida yaratilgan durdonalar. Bu asarlar nafaqat davr balki mintaqaga qarab ham qo’yilgan.

”Galereyalarimiz arab dunyosi san’ati, Turkiya, Eron, Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo san’ati deb nomlanadi. Chunki asarlarning qay hudud va kim hukmronlik qilgan paytda yaratilgani muhim”,- deydi Shila Kenbi, ko’rgazma rahbari.

Galereya ziyoratchini islom olamiga yetaklaydi
Galereya ziyoratchini islom olamiga yetaklaydi

Muzeyning ochilishi dunyo bo’ylab islom va musulmon davlatlariga qiziqish kuchaygan bir davrga to’g’ri kelmoqda. Buning ustiga, muzey Nyu-Yorkda.

Bu yerga kelganlar bir paytlar hashamatli saroylarning keng xonalarini bezatgan gilamlarni ko’radi.

Muzey xonalarini turli musulmon davlatlaridan chaqirilgan ustalar qurdi
Muzey xonalarini turli musulmon davlatlaridan chaqirilgan ustalar qurdi
Bronzadan ishlangan arslon
Bronzadan ishlangan arslon
Islom san'ati Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida namoyishda
Islom san'ati Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida namoyishda

Erondan keltirigan va Qiblaga qaratilib o’rnatilgan mehrobni…

Galereyalardan birini Marokashning Fez shahridan kelgan ustalar qurdi. Sakkiz oy davomida ular muzey ichida an’anaviy hovli barpo etishdi.

Chashma, naqshinkor ustunlar, sopol qoplanmali devorlar…

Bu yerga kelgan odam Marokashga borgandek bo’ladi.

Muzeyning Damashq zali ham yangi. Devorlari o’ymakor yog’och bilan qoplangan katta xona XVIII asrda bir badavlat xonadonga tegishli bo’lgan.

U Suriyadan Nyu-Yorkka olib kelindi va bu yerda qayta qurildi. Xonaning barcha qismlari qayta ishlandi, yetuk mutaxassislar jalb qilindi.

Xona yevropacha gulli naqshlar barobarida islom san’atiga xos geometrik shakllar va yozuvlar bilan bezalgan.

“Yozuvlar she’r shaklida. Ularda mana shu uyga, xonadon egasi va Muhammad Payg’ambarga tasanno aytiladi”, deydi Shila Kenbi, ko’rgazma rahbari.

Haykaltaroshlik asarlari ham bor. Erondan keltirilgan saroy qo’riqchisi haykali…

Oshiqlar diydor ko’rishgani… Ro’zg’or buyumlari…

Geometrik naqshlar, yozuvlar… Bu asarlarni ishlash, deydi mutaxassislar, nafaqat iqtidor balki uzoq muddat va qattiq mehnat talab qilgan bo’lsa ajabmas.

Mana bu oq lagan X asrdan bizgacha yetib kelgan. Qora yozuv “Ish boshlashdan oldin rejalashtir, shunda armonda qolmaysan”, degan ma’noni beradi.

”Bu yozuv ma’nosi juda qiziqarli, albatta, lekin meni eksponatning o’zi, uning sodda go’zalligi, dizayni o’ziga rom qildi," deydi Shila Kenbi, ko'rgazma rahbari.

Muzeydan Qur’on nusxalari ham o’rin olgan.

Yangi galereyalarda 1200 eksponat namoyish qilinayotgan bo’lsa-da, bu xamir uchidan patir.

Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida saqlanayotgan islom san’ati asarlari bundan 10 barobar ko’p.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG