O’zbekistonda va g’arbda terrorchi guruhlar qatoridagi O’zbekiston islomiy harakati internetda e’lon qilgan bayonotida Iroq va Suriyada kurashayotgan jangarilar, xususan “Islomiy davlat” bilan hamnafas ekanini bildirdi.
Xo’sh, bugun O’zbekiston islomiy harakati o’zi nimaga qodir? U mintaqa tinchligiga qanchalik raxna solmoqda?
Vaziristondagi og’ir janglar tufayli qamal holatida qolayotganini ta’kidlagan O’zbekiston islomiy harakati ushbu og’ir damlarda “Islomiy davlat” haqidagi xabar xushnudlik bilan qabul qilinganini aytadi.
Harakat boshqa guruhlarni, jumladan Tolibonni, Afg’oniston islom amirligini ham “Islomiy davlat”ni qo’llab-quvvatlashga chaqiradi. “Islomiy davlat”ga bir qator tavsiyalar bitilgan bu bayonot Usmon G’oziy tomonidan imzolangan.
Anvar Nazirov singari siyosatshunoslar bayonot ortida asosan moddiy maqsadlar yotganini aytishadi.
“O’zbekiston islomiy harakati shu vaziyat fonida o’zini reklama qilmoqchi, iloji bo’lsa “Islomiy davlat”dan moddiy yordam undirmoqchi. Markaziy Osiyo haqida gapirsak, yaqinda Yunusoboddagi ko’prikka “Islomiy davlat” bayrog’ini ilib ketishdi. Ammo uning xavfi hozircha unchalik emas chunki bu tashkilot endi siyosiy qarashini shakllantirmoqchi. Biz uchun xavfli tomoni bu tashkilotda o’zbek jihodchilari jang qilyotgani. O’zbekiston islomiy harakati shu jarayonda vaziyatdan foydalanib qolmoqchi, shu bahonada o’zini tiklab olmoqchi. Chunki ancha zaiflashib qolgan tashkilot bu”, - deydi Nazirov.
Farg’ona vodiysida islomiy xalifat qurishni maqsad qilgan O’zbekiston islomiy harakati 90-yillar oxirida O’zbekiston hududiga bostirib kirishga urinib ko’rgan. Samarasiz bu urinishdan so’ng tashkilot faoliyati asosan Afg’oniston va Pokistonga ko’chdi.
Tolibon bilan hamkorlikda Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga qarshi jang qilib kelayotgan bu harakat yaqingacha O’zbekistondagi radikal islom ramzi o’laroq ko’rib kelinayotgan edi.
So’nggi yillarda vaziyat ancha o’zgardi. Yangi radikal guruhlardan tashqari yuzlab o’zbeklar mustaqil ravishda jihod yo’liga kirmoqda. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, Suriyada hamda “Islomiy davlat” safida jang qilayotgan o’zbek jihodchilari soni bir necha yuz kishidan bir necha mingga yetgan. Ularning aksariyati biror bir radikal tashkilotga a’zo bo’lmagan.
Siyosatshunoslar fikricha, jihodchilikni ixtiyor etayotgan o’zbeklarga oid vaziyat, buning sabablari repressiyaga emas, jiddiy tadqiqotlarga muhtoj.
“Oxirgi 10-15 yilda biz bu savollarga juda oddiy javob berib keldik - ular hammasi Farg’ona vodiysidan, u tomonda din kuchli qabilida. Ammo jihodchilar safida Xorazmdan, Qashqadaryodan, boshqa viloyatlardan ham vakillar bor. Masalan, Qozog’istonda etnik kelib chiqishidan uzoqlashgan qozoqlar o’rtasida bu narsa kuzatiladi. Bizdagi sabablar esa o’rganilishi kerak, bu hozir juda qiyin. Ma’lum bo’lgan faktlardan esa mehnat muhojirligidagilarni shunday tashkilotlarga kirib qolayotganini bilamiz, lekin bu faqat muammoning bitta sababi xolos”, - deydi Anvar Nazirov.
O’zbekistonda e’tiqod erkinligi cheklangan. Namozxonlarga munosabat keskin. Minglab dindorlar noqonuniy oqimlarga aloqadorlik aybi bilan qamoqda o’tiribdi.
Hukumat ularni e’tiqod tutqunlari sifatida tan olmaydi. Toshkentdagi “Minor” maschiti ochilishida ishtirok etgan prezident Islom Karimov mamlakatda namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilayotganiga e’tibor qaratdi.
Karimov 31-avgust kuni “Shahidlar xiyoboni”dagi chiqishida “Islomiy davlat”ni jirkanch guruh sifatida ta’riflab, bunday oqimlar ta’siridan ehtiyot bo’lish uchun diniy ulamolarni chora-tadbirlar ko’rishga chaqirgan.
“Menimcha, O’zbekiston barqarorlikni saqlamoqchi bo’lsa mahzablarga ko’proq erkinlik berishi kerak. Yoshlar o’rtasida dinga qiziqish bor, ammo maschitlardagi ulamolar yoshlarning savollariga javob bera olmaydi”, - deydi siyosatshunos Anvar Nazirov.
Kuzatuvchilar ko’plab o’zbeklar uchun jihod yo’liga kirish O’zbekistondagi ta’qib va tazyiqlardan qutulishning so’nggi chorasi sifatida qolayotganini aytishadi.
Rossiyadagi o’zbeklar huquqini himoya qilib kelayotgan faollardan biri Bahrom Hamroyev shunday deydi:
“Men yordamga muhtoj muhojirlardan O’zbekistonga qaytsanglar nima qilasizlar deb so’rayman. Tanishlarimizni so’roq qilishayapti, aka, deyishadi. Turkiyaga yoki boshqa bir davlatga o’tib ketaman, deyishadi. Ukrainaga borishni iloji bormi deb so’raydiganlar ham bor. Ayrimlari Karimovning turmasiga tushishdan ko’ra Afg’onistonga ketishni ma’qul ko’rishadi”.
O’zbekiston aholisining 90 foizdan oshig’i musulmonlardan iborat. Mamlakatda diniy partiyalar ham, noan’anaviy diniy oqimlar ham taqiqlangan.