Breaking News

Iroqdagi portlashda 24 odam o'lgan


Jurf al-Sahar, Iroq
Jurf al-Sahar, Iroq

Iroq armiyasi kecha "Islomiy davlat" qo'lidan tortib olgan shahar yaqinida bugun bir kishi o'zini portlatib, kamida 24 nafar shia jangchisini o'ldirdi.

Jurf al-Sahar shahri yonidagi politsiya nazorat punktida sodir etilgan bu portlashda yana 25 odam jarohat olgan. Guvohlarning so'zlariga ko'ra, bomba to'la mashina portlagan.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy yakshanba kungi chiqishida Jurf al-Sahar shahri qaytarib olinganini "Islomiy davlat"ga qarshi kuchli zarba deya ta'riflagan edi. Sunniy ekstremist guruhi shaharni iyuldan beri egallab kelayotgan edi.

AQSh harbiylari esa bir kecha kunduzda Suriya va Iroqda 11 ta havo hujumini amalga oshirgan. Suriya-Turkiya chegarasi yonidagi Kobani shahrida jangarilar to'rt marotaba havodan nishonga olingan.

Shaharda olti haftadan oshibdiki, kurdlar "Islomiy davlat" jangarilari bilan kurashmoqda. Shu hafta Iroq Kurdistonidan yana bir necha yuz kurd jangchisi Kobaniga borib, koalitsiyaga yordam berishi kutilayapti.

Suriyalik huquq faollarining so'zlariga ko'ra, Kobani shahrida bir oydan oshiq davom etayotgan janglarda 800 dan ziyod odam halok bo'lgan. Britaniyada asoslangan guruh ma'lumotni Suriyadagi guvohlar va faollardan oladi.

Guruh hisobicha, jangarilar orasida talofatlar qariyb 500 kishi. Kurd jangchilari esa 300 safdoshini yo'qotgan.

Bundan tashqari, AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning havo hujumlarida yana 550 kishi o'lgan. Aksariyati jangarilar.

Oddiy aholi orasida o'lganlar 21 kishi. Huquq himoyachilarining aytishicha, Kobani shahrining ko'pchilik aholisi hozir Turkiyadagi qochqinlar lagerlarida jon saqlayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG