"Islomiy davlat" jangari guruhi Suriya bilan chegara yonida iroqlik kamida 16 chegarachini o'ldirgan.
Anbar viloyatining g'arbidagi al-Valid harbiy punktiga hujumda yana to'rt askar jarohatlangan. "Islomiy davlat" jangarilaridan qanchasi o'lgani ma'lum emas.
Hujumga qaramasdan, Iroq rasmiylarining aytishicha, armiya hanuz al-Validni qo'ldan boy bermagan. Hudud Bag'doddan 500 kilometr g'arbroqda, Suriya, Iordaniya va Iroq chegaralari kesishgan yerda joylashgan.
"Islomiy davlat" Anbarni 2014-yilning boshidan beri nazorat qiladi. Jangarilar Iroq va Suriyada katta shaharlarda o'rnashib olgan. Iroq armiyasi Amerika boshliq koalitsiya yordamida ayrim manzillarni qaytatib olishga muvaffaq bo'ldi.
BMTning hisob-kitobiga ko'ra, Iroqda noyabr boshidan beri kamida 1200 odam o'lib, 2400 dan ziyod kishi jarohatlangan. Kurd va Iroq askarlari safida talofatlar qariyb 300 kishi.