Joriy oyda "Furat Media" uch yuqori sifatli video chiqardi. Bu manba "Islomiy davlat"ning rus tilidagi targ'ibot vositasidir.
"Twitter" va "Telegram" tarmoqlarida ham terror guruhi multimedia mahsulotlarini tinimsiz taqdim etmoqda.
"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada zarba yegani sari rus tilida propagandani oshirib, o'z safiga sobiq ittifoqdan yoshlarni jalb etishga urinmoqda. Kavkaz, Markaziy Osiyo va Rossiyadan jangchi yollash muhim vazifa deb belgilangan.
Ikki qismli yangi videolardan birida Iroq va Suriyada o'zini o'ldirgan ikki yigit qissasi hikoya qilinadi. Ular shohidlardir, deya ta'riflanadi. So'zlovchilardan biri chechen.
Abu Abdul Aziz al-Shishaniy degan shaxs Amerikaga lan'atlar aytib, xalifalikni maqtaydi. "Islomiy davlat" ni qoralagan va unga qarshi chiqqan musulmonlar musulmon emas, deyiladi videoda.
So'zlovchi Rossiyani ham so'kib, Shimoliy Kavkazda urush boshlash niyatida ekanini aytadi. U terror guruhiga sodiq ekanini aytib, Iroqning Musul shahri hech qachon boy berilmaydi, deya da'vo qiladi. Vaholanki, bu shahar allaqachon "Islomiy davlat" dan tozalandi. Video undan oldin yozilgan bo'lishi mumkin.
Abu Abdul Aziz al-Shishaniy video oxirida o'zini portlatadi.
Videolardan yana birida "jihodchilar" mashqdan o'tayotganini ko'rasiz. Ulardan biri, snayper, 164 kurd jangchisini o'ldirib, 90 nafarini jarohatlanganini da'vo qiladi.
Snayperlardan biri, dog'istonlik Zayad al-Adriy rus tilida gapiradi. Bu tasvir Suriyaning Raqqa shahrida olingan.
"Islomiy davlat" ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini 2014-yilda boshlagan. Kiber-jihod, deya nomlagan uni tahlilchilar.
"Hamon ancha faol", - deydi Adam Raisman, "SITE Intelligence Group" razvedka ma'lumotlari bilan shug'ullanuvchi kompaniya vakili.
"Furat Media" har doim ham "Islomiy davlat" ning bir qismi sifatida ishlamaydi, lekin jihodchilarni qahramon sifatida tasvirlashga usta".
Britaniyadan ekspert Joanna Parajuk deydiki, "Islomiy davlat" har tomonlama yer tishlayotgani ayon.
"Rus tilidagi propaganda kuchaygani bundan darak. To'da hozir yerlaridan ayrilgan. Jangchilarini yo'qotgan. Yangi kuch kerak", - deydi tahlilchi.
Parajukning kuzatishicha, "Telegram"da ham faoliyat sustlashgan.
"Asosiy e'tiborni hozir ular odam yollashga qaratmoqda. Hayot-mamot uchun kurash".
"Islomiy davlat" Turkiyada qattiq siquvga olingan. U yerdan turib ko'p narsa qila olmayapti. Shu bois umidi sobiq ittifoqdan, deydi boshqa mutaxassislar.
Ruscha targ'ibot ortida Abu Jihod degan odam turibdi. U "Islomiy davlat"ning harbiy qo'mondoni Abu Umar al-Shishaniy va guruh matbuot kotibi Abu Muhammad al-Adnaniyga yaqin odam edi, hozirda ularning har ikkisi AQSh boshchilidagi operatsiyalarda o'ldirilgan.
Abu Jihod 34 yoshda, asli ismi Islom Atabiev. 2015-yildan beri AQSh hukumati tomonidan terrorist deya tamg'alangan.
Atabiev Misrning al-Azhar universitetida o'qigan. Ona shahri Karachay-Cherkessiyaga qaytib, yashirin guruhda faoliyat yuritgan. Hibsga olingan va qamoqda o'tirib chiqqan.
2011-yilda Atabiev Turkiyaga boradi, keyin esa u yerdan Suriyaga o'tib, "Islomiy davlat" ga qo'shilgan. Al-Shishaniy bilan do'stlashgach, unga ruscha targ'ibot vositasi tuzish vazifasi yuklanadi va "Furat Media" vujudga keladi.
Al-Shishaniy 2016-yilda o'ldirilgach, o'rnini Abu Jihod egallaydi degan gaplar chiqqan edi, biroq u harbiy malakaga ega emas. Unga kiber-jihodni yuritish buyurilgan.
Rossiya hukumatiga ko'ra, Abu Jihod bu mamlakatda sodir etilgan bir necha terror hujumlarni rejalashtirgan, xususan shu yilning aprelida Sankt-Peterburg shahrida yuz bergan portlashni.
Razvedka manbalarining xabar berishicha, Abu Jihod Rossiya meni o'ldiradi, deya doimiy qo'rquvda yashaydi. Ammo ayrim safdoshlari uning o'zini rus agenti deb taxmin qiladi. Orada mojarolar mavjud ekani ma'lum.
Abu Jihod "Islomiy davlat" faoliyatida Rossiya va sobiq ittifoq bilan bog'liq barcha ishlarda rol o'ynashi ham ayon. Masalan, dog'istonlik bir ayol uning qaroriga ko'ra qatl etilgan va bu voqea "Istok" nomli ruscha terror jurnalida chop etilgan.
Facebook Forum