Breaking News

Isroil AQShning Yaqin Sharq siyosati o'zgarishidan xavotirda


Arxiv surat. Bayden va Netanyaxu
Arxiv surat. Bayden va Netanyaxu

Dunyodagi ko’p davlatlar AQShda Jo Baydenning prezidentlikka kelganini olqishlar ekan, sobiq rahbar Donald Tramp bilan yaxshi munosabatda bo’lgan Isroilda ba’zilar Amerikaning Yaqin Sharq siyosati o’zgarishidan xavotirda.

Xalqaro hayot – 29-yanvar, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:48 0:00

G’arbiy Sohil va G’azodagi falastinliklar Prezident Baydendan ko’p narsalarni kutmoqda.

“Falastinliklar tinchlik jarayonining tezroq jonlanishi tarafdori. Ular nazarida, Tramp ma’muriyati falastinliklarning mustaqil davlatga egalik qilish umidini parchaladi. Falastin hukumati AQSh bilan aloqalar tiklanishnini xohlaydi. Axir Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishi ketidan falastinliklar 2017-yil dekabridan beri AQSh ma’muriyatini boykot qilib kelayotgan edi”, - deydi falastinlik jurnalist Xolid Abu Tome.

Yangi davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, AQShning Isroil xavfsizligi bo’yicha majburiyati daxlsizdir.

“Isroilning yahudiy demokratik davlat sifatidagi kelajagini belgilash hamda falastinliklarga davlatchilik huquqini berishning eng yaxshi va balki eng yagona yo’li “ikki davlat yechimi” deb atalmish jarayondir,” – dedi Blinken.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Tramp bilan o’ta yaqin bo’lgan. Ayrim isroillik kuzatuvchilar nazarida, ularning hukumati endi AQShda hokimiyatni qo’lga olgan demokratlar bilan yaqinlashishga qattiq harakat qilishi kerak.

“Amerikadagi eng muhim aktivimizni xavf ostiga qo’ymasligimiz kerak edi, ya’ni har ikki partiya xayrixohligini. Unga ziyon yetdi. Tramp prezidentligi paytida Isroilning eng katta xatosi shu bo’lgan”, - deydi Isroilning AQShdagi sobiq elchisi Sallay Meridor.

Aksariyat isroillik tahlilchilar nazarida, ichki muammolarga ko’milib ketgan Bayden ma’muriyati uchun Yaqin Sharq ustuvor vazifalar ro’yxatining eng quyi pog’onasidan joy oladi. Bayden e’tiborini mintaqaga qaratsa ham, asosan, Eron bilan shug’ullanadi, deydi ular.

Isroil 2015-yilda imzolangan Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimga qarshi ekan, hujjat Tehronga yadro qurollarini qo’lga kiritish uchun qonuniy yo’l ochishini bildiradi.

“AQShning Yaqin Sharq siyosatida Eron muhim ahamiyatga ega bo’ladi, chunki bu mintaqa uchun eng og’riqli va dolzarb muammodir. Nafaqat Eronning mintaqadagi yadroviy maqsadlari sabab, balki Tehronning Yaqin Sharqdagi mamlakatlar ichki siyosatiga ko’p aralashayotgani bois ham. Eronning Yaqin Sharqdagi har bir fuqarolar urushida u yoki bu tarzda qo’li bor, bu esa butun dunyoda o’ta beqarorlashtiruvchi omil sifatida ko’riladi”, - deydi Quddusdagi Shalom Xartmen tahlil institutidan Amotz Asa-El.

Isroildagi ko’p siyosatchilar fikricha, Bayden ularning mamlakatiga ko’pdan beri xayrixohdir, biroq shu bilan birga, Falastinni ham qo’llab-quvvatlab keladi va Isroilni tinchlik muzokaralariga qaytarish uchin unga bosim qo’yishi mumkin.

Bu o'rtada Isroilda chop etilgan statistik ma’lumotlardan aniq bo’lishicha, Tramp ma’muriyati paytida G’arbiy Sohilning yahudiy aholisi 4 yilda Isroil aholisiga qaraganda ancha tez o’sgan. Aytish joiz, Netanyaxu hukumati bilan ancha yaqin bo’lgan Tramp istilo qilingan hududlarda yahudiy aholi punktlarining kengayishiga ko’z yumgan.

Raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, so’nggi 4 yilda Isroil aholisi 8 foizga ko’payib, salkam 9,3 millionga yetgan, G’arbiy Sohildagi yahudiylar soni esa 13 foizga oshib, 475 mingdan ziyod odamni tashkil etmoqda.

Ma’lumotlarda Isroilga biriktirib olingan Sharqiy Quddusda yashovchi 200 mingdan ziyod yahudiy hisobga olinmagan.

G’arbiy Sohildagi yahudiy aholi demografiyasini o’rganuvchi tashkilot rahbari Barux Gordonning aytishicha, bunga AQSh siyosatining daxli yo’q, mintaqada Tramp ma’muriyatidan oldin ham yahudiy aholi tez o’sgan.

Istilo qilingan yerlarda yashovchi yahudiylarning aksariyati dindor bo’lib, odatda katta oila quradi, ba’zi yahudiylar esa arzonroq uy olish uchun G’arbiy Sohilga ko’chib boradi.

Isroil G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusni 1967-yili arab davlatlari bilan urush natijasida tortib olgan, biroq falastinliklar bu hududlarni bo’lajak davlatining bir qismi sifatida ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG