Breaking News

Isroilda koronavirus bemorlarini aniqlash uchun maxsus texnologiya ishlatilmoqda


Isroil Ichki xavfsizlik xizmati so’nggi ikki oydan beri koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan aloqada bo’lganlarni uyma-uy yurib tekshirmoqda. “Shin Bet” deb nomlanuvchi idora terrorga qarshi kurash uchun yaratilgan texnologiyadan foydalanib, kasallar bilan aloqa qilganlarni uyali telefonlari orqali aniqlamoqda. Bunday odamlarga uydan chiqmaslik buyurilmoqda.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi guruhlar bu amaliyotga tanqidiy qarasa-da, aksar aholi chorani qo’llab-quvvatlamoqda.

“Dunyoda nima bo’layotganini ko’ryapmiz. Isroilda ham shunday bo’lishi mumkin. Odamlar o’lmoqda. Minglab odam virusga chalinyapti. Milliy xavfsizlik xavf ostida”, - deydi “Shin Bet” sobiq direktori Ami Ayalon.

Isroilning iste’foga chiqayotgan Mudofaa vaziri Naftali Bennett kuzatuv dasturini kengaytirishni taklif etgan edi, biroq qonunchilar rejani rad etdi.

Hukumatning da’vo qilishicha, nazorat dasturi koronavirusga chalingan 5500 odamni topishda yordam berdi. Hozir ular karantinda.

“Kuzatuv umuman olganda yaxshi narsa emas. Ayniqsa bu ishga maxfiy xizmat qo’l ursa. Chunki nazorat va shaffoflik yo’qoladi. Faqat eng muhim ma’lumot olinsin. Maxsus ruxsati yo’qlar bu ma’lumotga yaqinlashmasin. Ma’lumot boshqa maqsadlarda ishlatilmasin. Koronavirus tugaganidan keyin ma’lumotlar o’chirilishini talab qilamiz”, - deydi Isroil Demokratiyasi institutidan Texila Shvars Altshuler.

Isroilning ayniqsa arab millatiga mansub aholisi bu amaliyotdan tashvishda.

“Bu kelajakda nomaqbul pretsedentlarga sabab bo’lishi mumkin. Razvedka vakillarining fuqarolarni kuzatishini, olingan ma’lumotdan o’zgacha siyosiy fikr bildirgan yoki boshqa elatga mansub bo’lgan odamlarga qarshi ishlatilishini istamaymiz”, - dedi arablar huquqlarini himoya qiluvchi “Adolat” huquqiy markazi direktori Hasan Jabarin.

Shu kunga qadar Isroilda 17 mingdan ziyod odam koronavirusga chalingan bo’lsa, 287 kishi jon bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG