22-iyuldan boshlab Isroil kuchlari buldozerlar yordamida qurilish man qilingan joylarda uy solgan falastinliklar turar-joylarini tekislashni boshladi. Sharqiy Quddus tevaragidagi Sur Baher qishlog’ida joylashgan Vadi Hummus mahallasida 10 ta imorat buzilmoqda.
Uy egalari qurilishga ruxsatni Falastin Muxtoriyati berganini aytmoqda. Biroq falastinliklar tomonidan suiqasd xurujlari avjga chiqqach, Isroil Mudofaa vazirligi 2002-yilda G’arbiy Sohil bilan chegaradosh bu hududlarni to’sib, uy qurilishlarini man qildi.
Yetti yillik sud tortishuvlaridan so’ng Isroil Oliy sudi rayondagi falastinliklar uylarini noqonuniy deb topib, uy egalari qurilish uchun Isroildan ruxsat olishi kerakligiga qaror qildi. Uch a’zolik sud hukmida aytilishicha, jangarilar uylar panasida yashirinib, Isroil harbiylariga hujum qilishi mumkin.
Uy egalariga 19-iyulgacha uylarini buzishga muhlat berilgan edi, biroq bunday bo’lmagach, 700 nafar politsiyachi va 200 ta askar buldozerlar bilan kelib, imoratlarni tekishlashga kirishdi.
“Bu uyni yo’qdan qurganman. Unda yashashni orzu qilganmiz. Endi esa hamma narsani boy beryapman. Falastin Muxtoriyati qurilishga ruxsat bergan edi”, - deydi 37 yashar Tariq Vahash “Reyter” axborot agentligiga.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, uy buzilishlari oqibatida 17 nafar falastinlik uysiz qoladi, yana 350 kishi mulkidan ayrilishi mumkin. Ba’zi uylarning qurilishi bitmagan edi.
Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayyeh Xalqaro jinoiy sudga shikoyat qilamiz, deydi.
“Quddus aholisini uyidan, yerlaridan majburan ko’chirish siyosatining davomi bu. Jinoyat, insoniyatga qarshi jinoyat”, - deydi u.
Yevropa Ittifoqi bayonot chiqarib, Isroil harakatlari davomiy tinchlikka erishish tashabbuslariga zarar ekanini bildirdi.
Isroil Ichki xavfsizlik vaziri Gilad Erdan Yevropa Ittifoqi Falastin yolg’onlariga uchganini aytdi.
“Noqonuniy qurilishlar xavfsizlikka tahdid solsa, Isroil Oslo kelishuvlariga asosan tahdidlarga qarshi chora ko’rish vakolatiga ega”, deb yozdi vazir “Twitter”da.
1993-yilda imzolangan kelishuv Isroilga o’zini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish huquqini beradi, biroq hujjatda Isroil munozarali yerlarda bunday siyosat olib borishga haqli ekani haqida mujmallik bor.
Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilini 1967-yilda Arab-Isroil urushi natijasida tortib olib, Sharqiy Quddusni o’z hududlariga qo’shib olgan.
Facebook Forum