Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Yaqin Sharq tinchlik jarayonini jonlantirish maqsadida xalqaro tinchlik anjumanini o’tkazishga chaqirmoqda.
Seshanba kuni Abbos BMT Xavfsizlik Kengashi oldida so’zlab, anjuman kunlari barcha taraflar bir tomonlama harakatlardan o’zini tiyishi kerak, deya taklif kiritdi. Ya’ni Abbos nazarida, Isroil bosib olingan yerlarda uy qurilishlarini, Qo’shma Shtatlar esa elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirishni to’xtatishi kerak.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli Amerika Isroil-Falastin mojarosini hal qilishda yechim topishga tayyor ekanini aytdi.
“Qo’shma Shtatlar Falastin rahbariyati bilan hamkorlikka hozir. Muzokarachilarimiz ortimda o’tiribdi, gaplashishga tayyor, ammo ketingizdan yugurib yurmaymiz, so’z sizga, janob Prezident”, - dedi AQSh elchisi.
Xeylining aytishicha, Falastin AQSh elchixonasini Quddusga ko’chirish qarorini ma’qullashi shart emas, chunki qaror qat’iy va yakuniy. Xeyli ma’ruzasidan oldin Abbos zalni tark etgan edi.
Isroilning BMTdagi elchisi Denni Dennon bunga javoban “Abbos qochib ketdi, u endi muammoning yechimi emas, muammoning o’zi”, deb tanqid qildi.
“Janob Abbos bu yerga kelib, talablarini olg’a surib, chiqib ketdi, biz esa uning aytganini qilarmishmiz. Bunday bo’lmaydi. Agar biror natija chiqishini istasangiz, Isroil va Falastin o’tirib, yuzma-yuz gaplashishi kerak”, - dedi Isroil elchisi.
So’nggi kunlarda Isroil va Falastin o’rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda, yangi mojaro ehtimoli yuzaga kelmoqda.
Facebook Forum