Breaking News

Isroilda diniy ekstremizm yuzasidan xavotirlar


Konservativ yahudiy mahallalarda ayollar tasvirlangan plakatlar yirtib tashlanmoqda
Konservativ yahudiy mahallalarda ayollar tasvirlangan plakatlar yirtib tashlanmoqda

Isroilda xotin-qizlar ta’qibdan shikoyat qilmoqda. Ultra-konservativ yahudiy dindorlar ayollarni ajratib qo’ymoqchi, bunga qaratilgan jiddiy urinishlar bor, deydi ular. Konservativ yahudiylar esa buni inkor etmoqda.

Quddus markazidamiz. O’ta konservativ yahudiy mahallalarda ayol va erkaklar ko’chaning boshqa-boshqa tomonida yurishi, bir-biridan alohida avtobuslarga chiqishi talab qilinadi. Inson huquqlari faollari bunga qarshi namoyishlar uyushtirmoqda.

Odatda bu yerda erkaklar oldingi qatorlarda, ayollar orqada o’tiradi. Faollar esa norozilik tariqasida aynan teskarisini qilmoqda.

Mutaassib yahudiylar o’rnatishga urinayotgan tartib aslida dunyoviy, demokratik Isroil qonunlariga zid. Biroq amalda talablarga rioya qilmagan xotin-qizlar haqoratga uchramoqda.

“Ayrim ekstremist guruhlar yahudiy xotin-qizlarning zamonaviylashishi, o’qimishli, bilimdon bo’lishini o’zi uchun tahdid deb ko’radi. Ayollarga o’z o’rningni bil, demoqchi ular”, - deydi Diniy islohotlar harakati faoli Anat Xoffman.

Xotin-qizlar tasvirlari tushirilgan reklama plakatlarining ekstremistlar tomonidan yirtib tashlanishi hollari kuzatildi. Yaqinda ko’chaning erkaklar uchun ajratilgan tomonidan yurgan 11 yoshli qizning ta’qibga uchragani televideniye orqali namoyish qilindi. Yahudiy dindorlar bunday vaziyatni qo’llagani aytiladi.

Ravvin va parlament deputati Isroil Ayxer buni inkor etadi.

”Hatto eng keskin qarashga ega ravvin ham zo’ravonlikni oqlamaydi, chunki u iudaizm, Tora va Xudo irodasiga ziddir”.

Quddusning konservativ yahudiylar mahallasi
Quddusning konservativ yahudiylar mahallasi

Konservativ yahudiylarni bir qolipga solib bo’lmaydi, deya fikr bildiradi Tamar El Or, Ivrit universitetida antropolog-olima.

Ular orasida diniy ta’lim olgan, oila qurib, endilikda ish qidirayotganlar bor. Isroil - dunyoviy jamiyat, deydi u.

”Dindorlar va dunyoviy qarashdagi odamlar orasidagi mafkuraviy-ijtimoiy kelishmovchilik abadiydir. Biz gapirayotgan vaziyat faqat Isroilga xos bo’lishi mumkin, ammo har bir jamiyatda shunday jarayonlar kechishi, nizo va mojarolar bo’lishi tabiiy hol. Davlat esa buni nazorat qilishi va, zarurat tug’ilsa, qonun buzilsa, chora ko’rishi kerak”.

Ayol va erkaklarning alohida guruhlarga bo’linishi va xotin-qizlarning quyi tabaqaga tushirilishiga qarshi kurashish kerak. Siyosatchi va dindorlar masalaga jiddiy yondashmasa, muammo yanada chigallashadi, deydi Tamar El Or, Ivrit universiteti professori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG