Breaking News

Isroil G'arbiy Sohildagi qurilishlarga qonuniy maqom berdi, falastinliklar norozi


G’arbiy Sohilda yahudiylar uchun yangi uylar qurish maqsadida falastinliklarga tegishli xususiy yerlarni o’zlashtirishga ruxsat beruvchi Isroilning yangi qonuni tanqid ostida.

Saylov kampaniyasi paytida Donald Tramp Isroil va Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni qo’llab-quvvatlagan edi, ammo Tramp prezidentlikka saylangach, Oq uy yahudiy posyolkalarini kengaytirish mintaqada tinchlikka yetaklamaydi, deya bayonot qildi.

Yangi qonun falastinliklar yerida qurilgan 4000 ming uyni qonuniylashtiradi. Yer egalariga pul yoki boshqa joydan yer taklif etilmoqda. Ammo arablar taklifni qabul qilmayapti.

"O’z yerimiz evaziga birovlarning yerini olishni istamaymiz. Pul ham kerakmas”, - deydi yer egalaridan biri Munir Musa.

BMT bosh kotibi vakiliga ko’ra, Isroil qabul qilgan yangi qonun xalqaro qonunga ziddir.

"Bosh kotib tinchlikka qarshi qaratilgan harakatlarga qo’l urmaslikka chaqirmoqda. Tomonlar har bir munozarali masalani Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari va ikki tomonlama bitimlar asosida yuzma-yuz hal qilishi kerak”, - deydi matbuot kotibi Stefan Dujarrich.

Falastin rahbarlari xalqaro sudlardan najot izlamoqchi. Isroilliklarning bir qismi ham qonunga qarshi.

"Hukumat bu qonun bilan Isroilni katta xavfga solmoqda; anneksiyaga yo’l ochayapti, Isroil imzolagan barcha xalqaro bitimlarga qarshi bir hujjat bu. Xavfsizlik Kengashi qurilishlarni qoralovchi rezolyutsiya qabul qilgan. Isroilning harbiy rahbarlari va mamlakatni Xalqaro jinoiy sudga berishlari mumkin endi”, - deydi muxolifat yetakchisi Isaak Gerzog.

Falastinliklar nazarida, Isroil Prezident Trampga ishonib bu ishga qo’l urgan.

"Isroilning o’ng qanot, irqchi hukumati Amerikada hokimiyatga kelgan yangi hukumatdan ruhlanmoqda. Shunga noqonuniy qonunlarni chiqarib, birovlarning yerlarini o’g’irlab, shuning hisobiga hududlarini kengaytirib, tinchlik ehtimolini yo’qqa chiqarmoqda, jazosiz qolamiz, deb o’ylashyapti”, - deydi Falastin rasmiysi Hanan Ashraviy.

Muxtoriyat bosh kotibi Trampni Isroilni bu yo’ldan qaytarish uchun butun ta’sirini ishga solishga chaqiryapti.

"Tramp Netanyaxuga “Bas qiling! Tinchlik jarayonini izdan chiqarishni bas qiling!” deyishi kerak”, - deydi Soib Erekat.

Yahudiy posyolkalari aholisining Tramp bilan ishi yo’q.

"Yevropa va AQShga posyolka qurishimizga qonuniy asos kerak edi, ana sizga qonun. Biz esa bu yerlarda qonun bor-yo’qligiga qaramay yashaymiz. Chunki bu zaminda yahudiylar qoni to’kilgan”, - deydi Moshe Barux.

Oq uy Isroil qabul qilgan yangi qonunni hozircha izohlamayapti. Netanyaxu 15-fevral kuni Vashingtonga kelsin, o’shanda gaplashamiz, deydi AQSh rasmiylari. Yevropa bo’ylab safar qilayotgan Isroil bosh vaziri ham bu xususda gapirgani yo’q hali.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG