Breaking News

Isroil gumanitar yuk ortilgan kemalarga hujum qilgan


Kemalar qamaldagi G'azoga yuk olib ketayotgan bo'lgan. Hujum natijasida kamida 10 kishi o'lgan.

Bugun Isroil maxsus kuchlari sohildan 60 kilometr narida G'azoga gumanitar yordam olib ketayotgan kemalarga hujum qilib, Falastinga xayrixoh kamida 10 faolni o'ldirgan. Bir necha kishi jarohat olgan.

Hujum natijasida minglab tonna gumanitar yuk musodara qilingan. Jami 6 kemaga hujum qilingan. Isroil hukumatiga ko'ra, o'ldirilgan faollar yonidan to'pponchalar topilgan.

Isroil Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Denni Ayalonning aytishicha, faollar harbiylarga o't ochib, javob o'qidan o'lgan.

Kemalar qamaldagi G'azo Sektoriga insonparvarlik yordamini yekazmoqchi bo'lgan, biroq Isroil ularning sektorga yaqinlashishini taqiqlab qo'ygan. Faollar to'siqlarni yorib kirmoqchi bo'lgan.

Ulardan birining aytishicha, o'lganlar orasida go'dak bor.

"Isroil oddiy odamlarni o'qqa tutdi. Bizning o't ochish niyatimiz yo'q edi", - deydi "Erkin G'azo" harakati faoli Odri Boms.

Isroil qamalni yorib kirishga qaratilgan har bir harakatni provokatsiya deb qabul qilishini aytmoqda.

Kemalar ayni damda Ashdod portida saqlanmoqda. Yuk tekshiruvdan o'tgach, Isroil uni G'azoga topshirishini aytmoqda. Yuzlab faollar esa ortga qaytariladi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Isroilni qoralab, G'arbiy Sohilda uch kunlik motam e'lon qilgan. G'azoda namoyishlar o'tgan. Isroil politsiyasi xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda.

Kemalardan biri Turkiya bayrog'i ostida harakatlangan. Rasmiy Anqara voqea bo'yicha norozilik bildirib, Isroildagi elchisini chaqirib olgan.

"Isroil hujumining ikki tomonlama aloqalar uchun oqibati yaxshi bo'lmaydi," deyiladi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Rasmiy Anqara, shuningdek, Isroil bilan rejalangan harbiy mashg'ulotlarni bekor qilib, Isroilda ikki o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish arafasida turgan futbol bo'yicha yoshlar milliy termasiga zudlik bilan Turkiyaga qaytishni buyurgan. Istanbulda 10 mingga yaqin kishi namoyishga chiqqan.

Eron, Ispaniya va Fransiya hukumatlari ham Isroil harakatlarini qoralab, Gretsiya, Ispaniya va Yevropaning yana bir necha mamlakati Isroildagi elchilarini chaqirib olgan. Oq uy matbuot kotibi Bill Burton voqeadan afsusda ekanini bildirib, masalani oydinlashtiryapmiz, deydi.

Yevropa Ittifoqi va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroildan voqea bo'yicha tergov o'tkazishni talab qilib, Xavfsizlik Kengashi favqulodda majlis chaqirgan. Arab Ligasi raisi Amir Musa Isroil harakatlarini "jinoyat" deb atab, a'zo-davlatlarni shoshilinch majlisga to'plamoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQShga bormaydigan bo'ldi. Kanadaga safar qilgan Netanyaxu ertaga Vashingtonda prezident Barak Obama bilan uchrashishi rejalangan edi. Ammo uning idorasiga ko'ra, Netanyaxu tashrifni bekor qilib, vataniga erta qaytmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG