Breaking News

Turkiya: Isroil hujumi uzoq yillik ittifoqchilikka zarba


Gumanitar karvonga qilingan hujum ketidan Turkiya Isroil bilan iqtisodiy-harbiy aloqalarini keskin qisqartirishini ma’lum qilmoqda. Anqara yahudiy davlati ustidan xalqaro sudga shikoyat qilishi ham mumkin.

31 may kuni G’azo sektoriga gumanitar yuk olib ketayotgan kemalar Isroil armiyasi tomonidan kuch bilan to’xtatilgan. Otishmada 9 kishi halok bo’lgan edi, aksariyati Turkiya fuqarolari.

Ulardan biri ham Amerika, ham Turkiya fuqarosi ekani tasdiqlangan. Ma’lumki, G’azo uch yildan beri blokada ostida bo’lib, Isroil karvonni u yerga yo’latmasligi haqida qayta-qayta ogohlantirgan edi.

Kecha Istanbulda fojia qurbonlari dafn etilgan. Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’anning ta’kidlashicha, Isroil “tarixiy xato”ga yo’l qo’ydi va mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisidan ayrilishi mumkin.

Turkiya prezidenti Abdulla Gul ham “bu qonli fojiani hech qachon unutmaymiz, yahudiy davlati bilan munosabatlarimiz tubdan o’zgaradi” demoqda.

Isroil hujumi xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoralangan va uni mustaqil tergov qilish to’g’risida chaqiriqlar yangramoqda. Falastin rahbari Mahmud Abbos kelasi hafta Turkiya va Qo’shma Shtatlarga safar qiladi. U prezident Barak Obamadan Yaqin Sharq bo’yicha “qat’iy qarorlar” qabul qilishni so’ramoqchi.

AQSh rahbari Isroilning gumanitar karvonni olib ketayotgan faollarga hujumini “fojia” deb ta’riflagan. Voqea, deydi u, Yaqin Sharqda vaziyat qanchalik ayanchli ekanidan darakdir.

Isroil hukumati da’vosicha, G’azo blokadasi mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur chora. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu qamalni bekor qilish chaqiriqlarini rad etgan. G’azoda iqtisodiy ahvol og’ir ekanini tan olayotgan Qo’shma Shtatlar u yerdagi bir yarim million aholiga yordamni oshirish kerak deb hisoblaydi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, “AQSh bu borada hamkor davlatlar bilan gaplashmoqda, ammo Isroil xavfsizligini ham e’tibordan chetda qoldirib bo’lmaydi”.

Xamas jangari guruhi nazoratidagi G’azo sektoriga mana uch yildirki qurilish mollari va boshqa mahsulotlarni olib kirish keskin cheklangan. Isroil blokadasidan maqsad qurol-aslaha kontrabandasini to’sish. Xamasning sektorga yer osti tunnellar orqali raketalar olib kirib, Isroilga hujumlari 2008 yilgi urushga sabab bo’lgan edi.

Ko’plab davlatlar, shu qatorda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun to’qqiz kishining hayotiga zomin bo’lgan harbiy operatsiyani tergov qilishga chaqirar ekan, Qo’shma Shtatlar nazarida Isroilning o’zi adolatli, xolis tekshiruv o’tkazishga qodir. Bu taklif, ayniqsa arab dunyosida, tabiiyki, shubha bilan qarshi olingan. AQSh tergov hay’atiga xorijiy tergovchilarni jalb qilishga qarshi emas.

AQSh Davlat departamenti vakili Filip Krovli deydiki, gumanitar karvon yo’lga chiqishi haqida e’lon qilinishi bilanoq Vashington Isroildan bosiq va o’ta ehtiyotkor bo’lishni so’ragan.

Amerika xavotiri shuki, fojia Isroil-Falastin o’rtasida endigina qayta boshlangan tinchlik muzokaralariga pand berishi mumkin.

Ayni paytda Isroil hukumati Quddusda xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Al-Aqsa masjidiga faqatgina 40 yoshdan dan kattalar qo’yilmoqda xolos.

XS
SM
MD
LG