Isroil yangi koronavirusga qarshi kurashar ekan, Mudofaa vazirligining bildirishicha, raketa ishlab chiqaruvchi zavodda o’pkani sun’iy ventilyatsiya qilish apparatlarini ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan.
Zavod davlatga qarashli “Israel Aerospace Industries” kompaniyasining mulki bo’lib, hafta boshida ilk 30 ta ventilyator ishlab chiqarildi.
Ishlab chiqarish liniyasi bir necha kunda yo’lga qo’yilgani, mudofaa kompaniyasi tibbiy uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Inovytek” shirkati bilan hamkorlik qilayotgani aytilmoqda.
Apparatlar Isroildagi kasalxonalarga tarqatilmoqda va hatto xorijga eksport qilinmoqda.
“Bu apparatlar barcha kasalxonalardagi sistemalarga tushadi va o’pkani sifatli ventilyatsiya qiladi”, - deydi “Inovytec” rahbari Udi Kantor.
“Israel Aerospace Industries” kompaniyasi ishlab chiqarish sur’atini kuchaytirib, haftalik samaradorlikni yuzlab apparatga chiqarmoqchi.
“Raketa texnologiyasi bo’yicha muhandislar “Inovytech” mutaxassislari bilan bir jamoada ishlayapti”, - deydi mudofaa kompaniyasi vitse-prezidenti Boaz Levi.
Isroilda shu kunga qadar 6300 dan ziyod odam yangi koronavirusga chalingan bo’lib, kasallik 33 kishini nobud qilgan.
Facebook Forum