Breaking News

Isroil-Turkiya munozarasi - AQSh bosh og'rig'i


Isroilning G'azoga gumanitar yuk olib ketayotgan kemalarga hujumi Turkiya g'azabiga uchragan bir paytda Qo'shma Shtatlar azaliy ittifoqchilarini murosaga chaqirmoqda

Isroilning G'azo yaqinida Turkiyaga qarashli kemaga hujum qilib, bir necha fuqarosini o'ldirgani rasmiy Anqarani g'azabga keltirgan. Qonunchilar hukumatni Isroil bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishga chaqirmoqda. Har ikki davlatning eng yaqin hamkori - Qo'shma Shtatlar esa ittifoqchilarini ranjitgisi kelmay, muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. AQSh matbuotiga ko'ra, Oq uy qiyin ahvolda.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, Isroilning dengiz yo'li bilan G'azoga gumanitar yuk olib borgan faollarga tajovuz qilishi xalqaro hamjamiyat tanqidiga uchrab turgan bir paytda AQShning yumshoq munosabati Turkiyani g'azablantirdi. Vaziyatni yumshatish maqsadida prezident Obama Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an bilan, Davlat kotibi Xillari Klinton esa Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li bilan muloqot qilgan.

Turk vazirining aytishicha, Isroil tajovuzi psixologik tomondan Turkiya uchun Amerikada bo'lgan 11 sentabr voqealari bilan tengdir.

"Biz qo'l qovushtirib o'tira olmaymiz. Amerika bizni bu masalada qo'llab-quvvatlashini istaymiz. AQShning voqeaga nisbatan ilk bayonotidan mamnun emasmiz, degan Dovuto'g'li.

Turkiya AQShning NATOdagi muhim ittifoqchisi va musulmon dunyosi bilan munosabatlarda samarali vositachidir.

Oq uy bayonotiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar voqea bo'yicha xolis tergov o'tkazilishi va Isroil xavfsizligiga tahdid solmasdan G'azoga gumanitar yordam berish yo'llarini topish tarafdori.

Xillari Klintonga ko'ra, tergov ichki bo'lishi, ammo guruhga xalqaro ekspertlar ham kirishi kerak, biroq Isroil bunga rozi emas.

Turkiya nazarida tergov mustaqil bo'lishi zarur, chunki hodisa Isroil hududida emas, xalqaro suvlarda ro'y bergan.

Ahmat Dovuto'g'li nazarida Isroil, shuningdek, uzr so'rashi, qo'lga olingan barcha kemalar yo'lovchilarini qo'yib yuborishi va G'azo Sektori blokadasini bekor qilishi lozim.

Aks holda Turkiya BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat etishini aytmoqda.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Isroilni Adan ko'rfazida kemalarni garovga olayotgan somalilik qaroqchilarga tenglashtirgan. AQSh Isroilni qoralashgacha bormay, voqea bo'yicha afsus bildirgan xolos.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Isroil hujumida 9 nafar Turkiya fuqarosi halok bo'lgan. Bu hol har ikki davlat bilan yaqin aloqada bo'lgan AQShni qiyin ahvolga solib qo'ydi. Yaqin Sharq tinchlik muzokaralariga vositachilik qilayotgan Qo'shma Shtatlar Isroilning jarayondan chiqishini istamaydi, Turkiya esa Eron yadro dasturi masalasini hal etishda muhim rol o'ynamoqda.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, Isroilning uzri qo'lidagi qonni yuva olmaydi.

"G'azoga insonparvarlik yordamini olib ketayotgan kemalarni qonga belash har qancha la'natga loyiq", - deydi u.

Erdog'an hujum paytida yaralanganlarga yordam berish maqsadida Isroilga ikki samolyot yuborgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG