Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Italiya hukumatining Liviyadan kelayotgan migrantlarni ortga qaytarib, hibsxonalarda saqlash haqidagi bitimni Liviya hukumati bilan yangilaganini tanqid qilmoqda. Yevropaga chiqmoqchi bo’lgan bu odamlar hibsxonalarda qiynoqqa solish va jinsiy zo’rlash holatlari keng tarqalganidan shikoyat qilmoqda.
Yevropa Ittifoqi Liviya hukumatiga sohil bo’yi xavfsizligini kuchaytirish va odamlarni dengiz yo’li bilan o’g’irlikcha mamlakatdan chiqarishga qarshi kurash uchun yuz millionlab dollar pul bergan. Ammo tanqidchilar nazarida, pul jinoiy to’dalar qo’liga tushmoqda.
2015-yilda Ganani tark etgan 27 yashar Avudi Baluduzzi Yevropaga yetish ilinjida Liviyaga borib qoladi. Ammo odam savdogarlari qo’liga tushib, ozodligi evaziga pul talab qilishadi.
“O’shanda pulim yo’q edi. Ular meni har kuni kaltaklab, ota-onamga qo’ng’iroq qilib, pul so’rashga majburlashardi. So’ng onamga telefon qildim, ularga 270 dollar yubordi. Ungacha qo’limni sindirib bo’lishgan edi”, - deydi u.
Baluduzzi to’rt yil deganda Yevropaga yetdi. 1200 AQSh dollari bilan smartfonini odam bilan to’lgan qayiqqa chiqish uchun berishga majbur bo’ldi. Ammo qayiq g’arq bo’lishiga oz qolganda ularning hayotini gumanitar tashkilot qutqaruvchilariga tegishli kema saqlab qoldi.
Yevropa Ittifoqi migrantlar oqimini to’xtatish uchun Liviyaga 328 million yevrodan ko’p pul uzatgan. Pulning katta qismi BMTga qarashli idoralar orqali o’tgan; Liviya sohil xavfsizligi xizmatini moliyalashga va inson savdogarlari faoliyatiga bolta urishga sarflanadi.
Natijada O’rta dengiz bo’ylab Yevropaga Yaqin Sharq va Afrikadan kelayotgan migrantlar oqimi 2013-yildan beri ancha pasaydi. Ammo, deydi tanqidchilar, bu hamkorlikning salbiy tarafi ham bor.
“Yevropa Ittifoqiga qarashli samolyotlar halokatga uchragan kemalarni ko’rib, Liviya sohil xavfsizligi xizmatiga xabar beradi, ular esa qurollangan odamlarga yetkazadi. Natijada kemadagilarni inson savdogarlari ushlab olib ketadi va yana qullikka qaytaradi, sotadi. Inson huquqlari haqida bong uramizu, ammo bu ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas. Biz ham bunga mas’ulmiz”, - deydi Yevropa parlamentining irlandiyalik a’zosi Kler Deyli.
O’tgan yil iyulida hibsxonalarda saqlangan migrantlarning 40 dan ziyodi havo hujumida halok bo’lgach, muhojirlar Liviyada fuqarolar urushi qurboniga aylanishi mumkin, degan xavotir paydo bo’ldi.
Shu hafta Italiya Liviyaning Tripolidagi hukumati bilan 2017-yilda imzolagan shartnomani uch yilga uzaytirishga kelishdi. Unga ko’ra, hukumat migrantlarni hibsxonalarga qaytarish majburiyatini o’z zimmasiga oladi, ammo BMT rasmiylarining aytishicha, ko’p hollarda migrant mahbuslarni kaltaklashmoqda, zo’rlashmoqda va och qoldirishmoqda.
“Bu degani odamlarni yana uch yil dengizda ushlashib, yana uch yil hibsxonalarda abgor ahvolda saqlashadi; yana uch yil Yevropa chetga qarab turadi, o’zini hech narsa bo’lmaganday tutadi. Odamlar Yevropaga yetolmasa bo’ldi”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Matteo de Bellis.
Ammo migrantlar yo’lga chiqishda davom etmoqda. So’nggi 4 kunda 400 dan ziyodi dengizda qutqarib qolindi.
Facebook Forum