Bepushtlikdan qiynalayotgan ota-onalar reproduktiv texnologiyalardan foydalanishi mumkin. Masalan, ekstrakorporal, ya’ni sun’iy urug’lantirish usuli. Bunda urug’lanish ayol tanasidan tashqarida amalga oshiriladi. Muolaja arzon emas. Tuxumhujayralar va spermatozoidlar laboratoriyada urug’lantiriladi. Hosil bo’lgan embrionlardan sifatlisi bachadonga ko’chiriladi. Ortib qolgan embrionlar esa odatda muzlatiladi.
Jenni Sammis15 yil oldin ekstrakorporal urug’lantirish (EKU), ya’ni tuxumhujayra va spermatozoidlarini laboratoriyada kultivatsiyalash orqali ona bo’lgan. Muolajadan ortgan embrionlari muzlatilgan.
“Ularning taqdirini o’ylab hujjatlarga, egizak qizlarimga qarayman. Balki boshqalarga foydasi tegarmikin deb o’ylanib qolaman”, - deydi u.
O’n minglab, balki millionlab muzlatilgan embrionlarning ertasi mavhum. Egalari ularni na nobud qilishini, na hadya qilib yuborishini bilmay boshi qotgan. Nima qilish oldindan rejalab qo’yilgan taqdirda ham, farzandli bo’lgandan keyin fikr o’zgarishi mumkin, deydi psixolog Andreya Brevermen.
“Embrionlarni chaqaloqqa aylanishini ko’rgan odamlarning qolgan embrionlarga nisbatan his-tuyg’ularini tushunsa bo’ladi”, - deydi u.
Bir qarorga kelolmaganlar embrionlarni saqlash xarajatini shunchaki to’lamay qo’yadi. Klinikalar esa ularni nobud qilishdan, oqibatda sudlanishdan qo’rqib, yetim qolgan embrionlarni tirik saqlashda davom etadi. Xarajat bo’lsa-da, embrion egalarini qidirishadi. Tadqiqotchilarga ko’ra, o’rtacha besh-yetti foiz, ba’zi klinikalarda 18 foizgacha embrionlar egasiz qolishi mumkin.
“Muzlatilgan embrionlar rivojlanmaydi. Asrlar davomida o’zgarmay turaverishi mumkin”, - deydi shifokor Kreyg Svit.
Doktor Svit mijozlaridan embrionlarni nobud qilmaslikni so’rab, o’zlaridan ortib qolganini ehtiyojmandlarga hadya qilishni yo’lga qo’ygan. Shu maqsadda xalqaro dasturga asos solgan. Lekin ayrim ota-onalarning bir qarorga kelishi qiyin.
“Yana farzand ko’rish niyatim yo’q. Bu embrionlarni har ehtimolga qarshi saqlab qo’yishdan hech naf yo’q”, - deydi Jenni Sammis.
Shunga qaramasdan u embrionlarni tirik saqlash xarajatlarini to’lab turibdi.
Facebook Forum