Breaking News

Pandemiyadan so'ng mehnat bozori qanday bo'ladi?


Koronavirus pandemiyasi oqibatida kompaniyalar ish yuritish siyosatini qayta ko’rib chiqishga majbur bo’lmoqda, ishga yangicha yondashmoqda. “Amerika Ovozi” yaqin kelajakda mehnat bozori qanday bo’lishi haqida mutaxassislar fikrini o’rgandi.

Pandemiyadan so'ng mehnat bozori qanday bo'ladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:38 0:00

Ish o’rinlarining qisqartirilishi, mehnat soatlarining kamaytirilishi, to’lanmagan ta’til, ish istiqbolining mavhumligi – bularning barchasi pandemiyaning salbiy ta’siri bo’lib, AQShda 40 milliondan oshiq odam davlatdan ishsizlik nafaqasini olishga ariza bergan. Biroq bundan foyda ko’rganlar ham bo’ldi. Internet orqali savdo qiluchi “Amazon” kompaniyasi mart o’rtalarida qo’shimcha 100 ming odamni ishga yollashi haqida e’lon qildi. Haydovchilar, oziq-ovqat do’konlariga ishchilar ko’p joylarda yollanmoqda.

“Hozir deyarli hamma onlayn savdoga o’tgan. Bu hol davom etadi degan fikrdaman. Odamlar hali-beri do’konga chiqishga jur’at etadi deb o’ylamayman. Onlayn savdo qulay ekaniga ishonch hosil qilishdi. Elektron savdo va bu sohada ish o’rinlari o’sishda davom etadi deb hisoblayman”, - deydi Indiana universitetidan Elizabet Malatestinich.

Ekspertlarning aytishicha, pandemiya tugaganidan so’ng tibbiy xizmatchilarga ehtiyoj keskin oshadi, tobora ko’proq xususiy kompaniyalar o’z shifokorlariga ega bo’lishni istaydi, ba’zilarida tibbiy bo’limlar ochilmoqda. Tozalash xizmatlariga ham talab oshishi bashorat qilinmoqda.

Onlayn savdoning chaqqonlashishi hamda uydan ishlash axborot texnologiyalari va xaytek sohalari mutaxassislariga talabning kuchayishiga ham olib keladi. Yirik menejment konsalting kompaniyasining katta ijrochi direktori Pol Makdonaldning aytishicha, kodlash, ma’lumotlarni tahlil qilish, elektron tijorat va bank ishiga doir tajribasi bor mutaxassislarni yollash kuchayadi.

“Masofadan ishlovchi kadrlarga texnik ko’mak berish, ma’lumotlar maxfiyligini saqlash, ilg’or texnologiyalar sohasida xavfsizlik va biznes uzluksizligini ta’minlash bobidagi mutaxassislarning bozori chaqqon bo’ladi. Bank sohasini oladigan bo’lsak, pandemiya paytida ipoteka hujjatlarini rasmiylashtiruvchi kadrlarga ehtiyoj oshganini ko’rdik. Stavka foizlari hali ham past, shu sabab ipotekani qayta moliyalashtirish jarayoni jadal ketmoqda. Kreditni rasmiylashtiruvchi xodimlarga ham talab oshganini ko’rdik”, - deydi Makdonald.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, pandemiya davrida amerikaliklarning salkam 60 foizi uydan ishlagan, yarmi pandemiyadan keyin ham uydan ishlashda davom etishni istaydi.

“Bunday odamlar uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Xonadonida yosh bolasi, nogiron yoki xronik kasal oila a’zosi borlar uchun yaxshi imkoniyat bu. Ular pandemiyadan oldin ham ish jadvalini erkinroq qilishga harakat qilgan, biroq rahbarlar bunga ko’nmagan. Endi esa birdan pandemiya sabab shunday imkoniyat tug’ildi!” – deydi Buffalo universiteti professori Erin Xatton.

Uydan ishlash nafaqat xodimga, balki ish beruvchiga ham qo’l kelishi mumkin, deydi mutaxassislar. Bunday vaziyatda mehnat bozori haqiqiy globallashgan bosqichga kiradi.

“Masofadan ishlay oladigan xodimlaringiz bo’lsa, demak, odamlarni istalgan joydan yollashingiz mumkin bo’ladi. Jug’rofiya ahamiyatsiz bo’lib qoladi. Kompaniya Nyu-Yorkda bo’lsa-da, Kanzasdan odam yollab, ish yuritisa bo’ladi”, - deydi Pol Makdonald.

Pandemiyadan so’ng korporativ madaniyat katta o’zgarishlarga yuz tutadi. Dunyo bo’ylab millionlab odam uchun ish joyi, sinfxona va uy bitta ma’noga birlashdi va ko’plar uchun bundan keyin ham shunday bo’lishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG