Gollivud yulduzi va kino ustasi Anjelina Joli yaqinda nozik bir operatsiyani boshdan kechirdi. Saraton xavfi sabab u o’z tuxumdonlari va fallopiya trubasini oldirib tashladi. Shifokorlarning aytishicha, mashhur ayolning bu qarori xotin-qizlarni o’z salomatligiga jiddiyroq e’tibor berib, saratondek og'ir kasallikka qarshi o’zini tekshirtirib turishga undaydi.
Anjelina Joli hayotini asrab qolish uchun shunday qilganini aytadi. Ikki yil oldin u ikkala ko’kragidan voz kechgan edi. Sabab – uning saratonga chalinish ehtimoli yuqori ekani. Xavfning oldini hali paydo bo’lmasdan olishga qaror qilgan.
Oilasida saratondan o’lganlar ko’p ekani, ayniqsa onasi bu xastalik bois olamdan erta o’tgani unga qattiq ta’sir qilgan.
39 yoshli Anjelina Joli yaqinda tibbiy ko’rikdan o’tganida uning tuxumdon saratoniga yo’liqish ehtimoli 50 foizda ekani aniqlangan. Izchilroq tekshiruvda ham shu xavf tasdiqlangan.
Onkolog Kerol Braun - Nyu-Yorkdagi Sloan Kettering saratonga qarshi kurash markazida yetakchi mutaxassis. Operatsiya har doim ham yechim emas, deydi u.
“Uning holatida balki bu to’g’ri qarordir, chunki hammaning o’z tibbiy tarixi va oilaviy dardi bor. Doktorlar unga shuni maslahat bergan. Bu ayol o’z boshidan kechirganini ommaga aytib, kasallika e’tibor qaratayotgani tahsinga sazovor”,- deydi u.
Anjelina Joli kabi saratonga yo’liqish ehtimoli yuqori ayollarning oldindan chora ko’rib, operatsiya qilinishi 98 foiz hollarda samara beradi.
Emi Kirsh ismli mana bu ayol ham ko’krak va bachadonini shu bois oldirib tashlagan. Avloddan avlodga o’tadigan, yosh tanlamaydigan balo bu, deydi u.
“Operatsiya qilindim. Badanim o’zgardi, vujudim oldingidek emas. Lekin ruhan tinchman. Qo’rquv yo’q endi. Ichimda xavotir yo’q”.
Fren Vudard - Makmillan saratonga qarshi kurash markazida doktor. Ayollar iloji boricha erta ko’rikdan o’ta boshlashi kerak, deydi u.
“Bir narsani unutmang: saraton bugun juda murakkab kasallik. Uni mendan topishi bilanoq o’laman deb o’ylasangiz, xato qilasiz. Ko’plab bemorlar tuzaladi, inson hayotini uzaytirish, ofatning oldini olish mumkin. Xotin-qizlar yoshlikdanoq zarur ko’riklardan o’tib turishi, sog’lig’iga befarq bo’lmasligi lozim. Vaqt juda muhim omil. Xavf darajasini pasaytirish mumkin”.
Anjelina Joli nafaqat kino yulduzi balki global miqyosda faol bir inson. O’z dardini doston qilish bilan u balki minglab insonlar hayoti saqlab qolinishiga hissa qo’shmoqda, deydi mutaxassislar.