Amerika Ovoziga qirg'izistonlik o'zbeklardan kelayotgan maktublarga qaraganda janubda xunrezlik to'xtaganiga qaramay huquq-tartibot organlari asossiz reydlar uyushtirib, o'zbek aholisiga zulm o'tkazmoqda, tahqirlamoqda. Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti, hattoki, qirg'iz tergovchilari ijrosida qiynoqqa solish hollari qayd etilganini ham xavotir bilan tilga oladi.
Mintaqa bilan yaqindan tanish amerikalik siyosatshunos Kevin Jounsning Amerika Ovoziga aytishicha, rasmiy Bishkek tartib va qonun ustuvorligini ta'minlamas ekan, zo'ravonliklar yangidan boshlanishi mumkin.
Xunrezlik to'xtagani bilan muammo hal bo'ldi, deb o'ylamaslik kerak, deydi u.
"Zo'ravonlik negizidagi muammolarga barham berilmagani afsuslanarli hol. Xalqaro hamjamiyat "hududga tinchlik qaytdi" degan xayolga bormasligi kerak. Etnik to'qnashuvlar yoz oxirida jonlanadi, degan fikrdaman", - deydi tahlilchi.
Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori nazarida Qirg'iziston hukumati ayni damda zaif bo'lib, janubdagi siyosatchilarni jilovlashga qurbi va kuchi yetmaydi. Sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari militsiya va armiya tizimlarida, janubda mahkam o'rnashib olgan. U yerda haqiqiy hokimiyat mahalliy kuchlar qo'lida.
"Qirg'iziston hukumati xalqaro hamjamiyat yordamida muammolarni bartaraf etishga, mustaqil xalqaro tergovga yo'l ochishga va'da bergan. Kelasi bir necha hafta ichida amaliy ishlarga qarab baho beriladi. Biroq tergov o'tkazish uchun birinchi navbatda xavfsizlikni ta'minlash zarur", - deydi Kevin Jouns.
Uning aytishicha, Roza Otunbayeva hukumati xalqaro hamjamiyatdan bu borada yordam so'rab, bir necha bor murojaat etgan, biroq xalqaro tashkilotlar va hukumatlar sustkashlik qilmoqda. "Nega" deb so'raymiz mutaxassisdan.
"Hamma gap xalqaro siyosatda", - deydi Kevin Jouns. "Ochiq tan olaylik, Qirg'iziston jahonda bu tarafdan muhim ahamiyat kasb etmaydi. Yirik davlatlarning diqqati Afg'oniston, Pokiston kabi mamlakatlarga qaratilgan. Rossiya ham, AQSh ham muammo bilan to'g'ridan-to'g'ri shug'ullanishni istamadi", - deydi tahlilchi.
Kevin Jouns nazarida a'zo davlatlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida tashkil topgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti asosiy vazifasini bajarmadi. Ba'zilar nazarida tashkilotga bu yili raislik qilayotgan Qirg'izistonga qo'shni davlat - Qozog'iston bu ishni uddalay olmadi.
Kevin Jouns 1994 yilda Ruandada sodir etilgan genotsidni tahlil etar ekan, "xalqaro hamjamiyat sal ertaroq aralashganida oz kuch bilan qatliomning oldini olsa bo'lar edi" deya xulosa qiladi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bugun Almatidagi majlisida Qirg'iziston janubiga 52 xalqaro politsiyachini yuborishga qaror qilgan. Kevin Jouns "bu kam, hech bo'lmaganda 200 nafar politsiyachi kerak" deydi.
"Ular mahalliy militsiya bilan hamkorlikda xavfsizlikni ta'minlashda yordam berishi mumkin. Mandati qisqa va cheklangan, o'zlari hattoki qurolsiz bo'lsa ham xalqaro kuchlarning o'sha yerda bo'lishining o'zi ma'lum darajada barqarorlikka hissa qo'shgan bo'lar edi. Odamlar esa, bundan foydalanib, uylarini qayta qurib, bizneslarini tiklash imkoniga ega bo'lar edi", - deydi Jorjtaun universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassis Kevin Jouns.
Amerikalik tahlilchi kuzda bo'ladigan parlament saylovlariga to'xtalar ekan, Qirg'iziston yangi tizimga tayyor emas, deydi.
"Tarqoq parlamentning yangi sharoitda ish olib borishi qiyin bo'ladi. Siyosatchi va partiyalar ko'p masalalar bo'yicha oldin ham kelisha olmas edilar. Prezident hech bo'lmaganda parlamentni u yoq-bu yoqqa burib turardi", - deydi Kevin Jouns.
Uning aytishicha, Qirg'izistonda parlament respublikasi sharoitida ko'plab masalalar uzoq tortishuvlar sabab yechimsiz qolib ketadi.
Amerikalik tahlilchi Qirg'iziston janubida qonun tiklanmasa, xunrezlik takrorlanadi, demoqda
Kevin Jouns nazarida xavfsizlik va qonun ustuvorligini ta'minlash Qirg'iziston hukumat oldidagi dolzarb masala.