Breaking News

Jo’ra Bo’tako’z: Aybim vatanimni sevganim edi


Jo'ra Bo'tako'z
Jo'ra Bo'tako'z
O'zbek adibi Tohir Malikning “Shaytanat” asarida xorijdagi o’zbeklar uchun “O’tgan kunlar” romanini nashrdan chiqargan millatparvar kishi Jo’ra Bo’tako’z nomi tilga olinadi. Hayotdan olingan bu obraz – Jo’ra Bo’tako’z hozir 87 yoshda bo’lib, Amerika Qo’shma Shtatlarining Nyu-York shahrida yashaydi.

Jo’raqori uzoq yillar dunyoning turli o’lkalarida yashab, quvg’in va surgunda hayot kechirgani haqida so’zlaydi.

“1930-yillarda qattiq qimmatchilik, qahatchilik bo’lganda, quloq bo’lib surgun bo’ldik, – deya hikoya qiladi Jo’ra Bo’tako’z. – Mana shu qiyinchiliklar bilan qiynalib Afg’onistonga qochib keldik. Bu yerda 12 yil turdik. Cho’lponning she’rlarini o’qib berganimda, bu xalqona o’tirish emas, siyosiy o’tirish, deb meni o’sha yerda 1-2 marta qamashgan edi. Keyin Pokistonga ketdik. Pokistonda ham meni o’ng qo’llar quvg’inga solishardi. Gunohim faqat o’z yurtimni suyganim, ulusimni suyganim edi. Boshqa gunohim yo’q edi. Besh yil Pokistonda quvg’inda yurdim. Keyin Turkiyaga ketdim. Uzoq muddat Turkiyada bo’ldim”.

Jo’raqori Bo’tako’z Sovet davrida xorijdan O’zbekistonga bora olgan sanoqli vatandoshlarimizdan biri. U 60-yillar oxirida O’zbekistonda kelgach, qaytib xorijga chiqishiga ruxsat berishmaydi va 15 yil O’zbekistonda nazorat ostida yashaydi.

Jo’raqori Bo’tako’z mustaqillikni vatanda kutib olish sharafiga muyassar bo’lgan.

“Ozodligimizning muborak bayrog’i ko’tarilayotganda o’sha yerda yig’lab turdim, - deydi u. - Shu lutfga sazovor bo’lganlardan, ishtirok etganlardan biri bo’lish sharafiga loyiq bo’ldim”.

"Vatanimizning yaqin o’tmishi haqida hanuz xolis ilmiy izlanishlarga ehtiyojimiz bo"r, - deydi Jo’ra qori.

Uning aytishicha, Istiqlolchilar yoki Bosmachilar harakati deya ataladigan Sovetlarga qarshi ozodlik kurashida ishtirok etgan shaxslar haqida gapirganda, oqni oq, qorani qora deb ko’rsatish kerak.

“Hozir mamlakatimizda o’sha tarixlarga diqqat bilan qarash biroz sustkashlik bilan bo’lyapti, - deydi u. - O’sha vaqtda xil-xil qo’rboshilar bo’lgan. Ba’zi qo’rboshilar o’g’riboshi bo’lgan. O’shani yopish uchun qo’rboshi bo’lib mamlakatning ozodligini istashgan. Ba’zilari haqiqiy qo’rboshi bo’lgan, jonini fido qilgan. Madaminbek qo’rboshi, Katta Ergash, Kichik Ergash kabi. Ba’zilarini o’rislar o’rtamizda bo’linish chiqarib, notinchlik chiqarib o’zini suydirish uchun qo’liga qurol berib, pul berib o’rtaga chiqargan. Shunaqa ahvol bo’lgani uchun biz hammasini ham vatan uchun kurashgan odamlar bo’lgan demasdan, endi ozod bo’ldik, hur bo’ldik, to’g’ri baho berishimiz kerak. Tarixini unutgan millat millatini unutgan bo’ladi”.

Xorijdagi vatandoshlarimizning o’zbek tilini yaxshi bilmasligida ziyolilarning aybi bor, deydi Jo’raqori.

“Tilga hurmat – elga hurmat, deyiladi. Ayniqsa, chet elga chiqqanlarimiz bu mas’uliyatga kirishadi. Chet elga chiqqan xalqimiz ham, olimlarimiz ham shu maqolga amal qilishmadi. Amal qilganda chet eldagi tillarimiz, shevalarimiz allaqachon birlashgan bo’lardi. Yaratilgan kitoblarimiz bo’lardi. Jurnallarimiz chiqqan bo’lardi. Ya’ni, kamchiligimiz bor, tanqidga loyiqmiz bu xususda”, - deydi ziyoli.

Lekin Jo’raqori zamonaviy o’zbek tilining rivojidan mamnun. Uning fikricha, xalq tili va adabiy til o’rtasida uzilish yo’q.

“Turkchada uzilish bor, - deydi Jo’raqori. – Saroy adabiyoti bilan yangi adabiyot o’rtasida uzilish bor. Usmonlilar davridagi turkchani xos mutaxassis bilmasa, yangi davrdagilar bilmaydi. Lekin, Xudoga shukrki, biznikilar, jiddiy savodi bo’lsa, Navoiy davridan tortib bugungacha bo’lgan modern shevadagi o’zbekchamizni mukammal tushunaveradi. Kitobni mutolaa qiladigan darajada savodi bo’lsa kifoya.”

Jo’ra Bo’tako’z xorijdagi va O’zbekistondagi vatandoshlarini o’z ona tillarini unutmaslikka chaqiradi.

“Chet eldagi vatandoshlarga nasihatim shuki, vatanini sevishadi, vatanini qo’msashadi, lekin ona yurtiga ma’naviy jihatdanmi, jismoniy jihatdanmi qovushmoq uchun bir pillapoya, bir marhalani bilmay siqilishadi, deydi Jo’raqori. - Bu marhala nima? Ona tilini kuchaytirish. Ona tili qanday kuchaytiriladi? Vatanimizda rivojlangan kirill bormi, lotincha bormi, o’n kun-o’n besh kun zahmat qilsa, hammasi yaxshi bilib oladi. Vatanimizda chiqayotgan nashriyotlarni o’qishi kerak. Endi vatanimizdagi yoshlarimiz ham juda g’aflatda ketishyapti. Nihoyatda afsus qilaman. Yoshlarimiz ishqiboz bo’lsa, vatani uchun kurashmoqchi bo’lsa, nima uchun vatandagi necha yuz yilning buyog’ida chiqqan klassiklarimizni, yoki yangi muhtaram adiblarimiz bor, shularning kitoblarini chuqur mutolaa qilishmaydi? Bular faqat chet ellardan ta’sirlanishadi. Ular siyosiy adabiyotdan ham bexabar, badiiy adabiyotdan ham bexabar. Men shunga achinaman”.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG