Afg’on rasmiylariga ko’ra, poytaxt Kobulda jangarilar hujumida kamida 20 odam o’lgan, 50 nafari yaralangan. Xabarlarga qaraganda, xavfsizlik kuchlari kamida 85 odamni qutqargan.
Rasmiylar va guvohlarning aytishicha, bir necha yaxshi qurollangan xudkush bombachi Amirulla Solih yetakchiligidagi siyosiy harakat idorasiga bostirib kirgan. Solih o’tmishda mamlakat razvedka xizmatini hamda Ichki ishlar vazirligini boshqargan; ayni damda Prezident Ashraf Ga’ni saylov shtabi a’zosi, vitse-prezidentlikka nomzod.
Jangarilar avval idora yonida portlovchi modda o’rnatilgan avtomobilni portlatib, so’ng ichkariga kirgan. Xavfsizlik kuchlari binoni qurshab olib, jangarilarga qarshi amaliyot o’tkazgan.
28-iyul kuni saylov kampaniyasiga start berildi. Kobuldagi xurujdan bir necha soat oldin G’ani va Solih tarafdorlari bilan miting o’tkazgan.
Xurujga kim aloqador ekani hozircha ma’lum emas. So’nggi paytlarda Tolibon harakati va “Islomiy davlat” jangari to’dasi xavfsizlik kuchlari, xorijliklar, tinch aholi va shialarni nishonga olib turadi.
Facebook Forum