Armaniston va Ozarbayjon o’rtasidagi To’gli Qorabog’da ro'y bergan qurolli to’qnashuvda o’nlab odamlar o’ldi. Tomonlar o’t ochishni to’xtatishga kelishishdi, ammo vaziyat qaltisligicha qolmoqda.
Markaziy Osiyo respublikalari ham Tog’li Qorabog’dagi harbiy to’qnashuvlar yuzasidan munosabat bildira boshlagan. Qozog’iston va Qirg’iziston taraflarni tinchlikka va muzokaraga chaqiruvchi bayonot bilan chiqdi. O’zbekiston, Tojikiston, Turkmanistonda esa bu borada hozircha jimlik.
Rossiya, Turkiya, AQSh va Yevropa davlatlari to’qnashuvni zudlik bilan bartaraf etishga undadi.
Gruziya Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatladi. Belarus ziddiyatni jilovlash uchun tomonlar o’rtasida muzokarachi bo’lishga tayyor. Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotda bo’lgan Ukraina rahbari Petro Poroshenko Ukraina Ozarbayjonni dastaklashini aytdi.
O’zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo’llashini bildirgan. Mintaqa uchun bu masala muhim, ammo Rossiya ta’siri va roli bu pozitsiyani har doim ham ochiq aytishga imkon bermaydi.
Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy va harbiy ittifoqlarga a’zo Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qozog’iston, Qirg’iziston biror inqiroz bo’lsa, hamkorlardan zarur ko’makka tayanadi.
Qozoq muxolifati yetakchilaridan biri Aydos Sodiqov fikricha, Ostona Qorabog’ yuzasidan juda ehtiyotkor.
“Qozog’istonning bayonoti o’z-o’zidan tushunarli - tinchlikka chaqiriq, xolislikka intilish haqida. Lekin shu bilan birga unda konkretlik yo’q. Albatta, Qozog’iston Rossiya ta’siri ostidagi davlat ekan, boshqacha bo’lishi ham mumkin emas, ayniqsa gap Rossiyaning, shu bilan birga Qozog’istonning ham ittfoqchisi Armaniston haqida borayotgan ekan. Lekin shuni alohida ta'kidlash kerak, qozoq jamoatchiligining asosiy qismi bu borada aniq fikrga ega. Armaniston tomonidan bosib olingan yerlar Ozarbayjonga qaytarilishi kerak”, - deydi Sodiqov.
“O’zbekiston hozirgacha o’z munosabatini ochiqlamayotgani tushunarsiz. Nazarimda, bu Rossiya voz kechayotgan qarz masalasi bilan bog’liqdek. Aslida O’zbekiston bu qarzni qaytarish niyatida ham emas edi, lekin Moskva bilan kelishuvga erishilgan bir manzarada Toshkent Kavkazdagi vaziyat yuzasidan o’z pozitsiyasini saqlab turishni ma’qul ko’rgandek”, - deydi Sodiqov.
Tog’li Qorobog’ tangligidan mintaqa xavotirga tushishi bejizj emas. Armanistonni Rossiya dastaklab turibdi. Ziddiyat keskinlashsa, Moskva mintaqa davlatlarini ham o’z doirasiga tortishi ehtimol mavjud.
“Qozog’iston, Belarus bosh vazirlari Yerevanda belgilangan Yevrosiyo Ittifoqi kengashida qatnashishmadi, buning sabablari ochiqlanmadi, ammo ziddiyat ittifoqchilik doirasidagi munosabatlarga ham ta’sir o’tkaza boshlaganini sezish qiyin emas. Armaniston matbuotida esa inqrozli vaziyatda tegishli yordam ko’rsatmagan Qozog’iston, Belarus kabi ittifoqdosh davlatlar tanqid ostiga olinmoqda”, - deydi Sodiqov.
Armaniston va Ozarbayjon o’rtasidagi ziddiyat 1988-yilda Yerevanning Bokuga hududiy e’tirozlar bildirganidan so'ng boshlangan edi. Ozarbayjon va Armaniston o’rtasidagi urush 1994-yili xalqaro hamjamiyat vositachiligida yakunlangan. Lekin mojaro butkul barham topmagan.
Bu urush paytida Armaniston Ozarbayjonga tegishli, aksar aholisi arman bo’lgan Tog’li Qorabog’ hududiga o’z harbiylarini kiritgan. Ozarbayjon mamlakat hududining 20 foizi Armaniston tomonidan egallab olingan deb hisoblaydi.