Tog’li-Qorabog’ning Ozarbayjonga taslim bo’lgan arman ma’muriyati vakillari bugun bokulik rasmiylar bilan yana muzokara qildi. 21-sentabr kuni taraflar Yevlah shahrida uchrashgan edi, bugungi muloqot Ho’jaylida o’tdi. Arman vakillari Tog’li Qorabog’da Ozarbayjon tarkibida qoladigan millatdoshlari uchun xavfsizlik kafolatlarini olishga umid qilmoqda.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hududda hech kim kamsitilmasligini bildirgan.
“Ozarbayjon Qorabog’ mintaqasidagi armanlarga yoqilg’i, oziq-ovqat, dori va boshqa turdagi gumanitar yordam jo’natmoqda. Qorabog’da yashovchi odamlar, millatidan qat’i nazar, Ozarbayjon fuqarolari. Ularning xavfsizligi, farovonligini Ozarbayjon davlati ta’minlaydi”, - dedi Aliyev.
Ozarbayjon rahbari bugun eksklav sharoitidagi Naxichevanda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashdi.
Ikki rahbar yangi gaz quvuri hamda zamonaviy harbiy bazaning ochilish marosimida qatnashdi. Erdog’an Aliyevni Tog’li Qorabog’dagi tezkor va ishonchli g’alaba bilan tabrikladi. Anqara harbiy amaliyotga aralashmaganini sal ilgari ta’kidlagan.
Armaniston hukumati qo’shni Rossiyani Tog’li Qorabog’dagi arman aholisi xavfsizligini ta’minlashga ojizlik qilganlikda ayblarkan, Bosh vazir Nikol Pashinyan Rossiya bilan ittifoqchilik aloqalari qayta ko’rib chiqilishini bildirdi. Ba’zi kuzatuvchilar Yerevan AQSh va Yevropa bilan munosabatlarni kuchaytirishga urg’u berishini taxmin qilmoqda.
Yerevandagi bugungi uchrashuvlar bunga dalil bo’lishi mumkin. Pashinyan AQSh senatori Gari Peters bilan uchrashdi,
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ma’muri Samanta Pauer va AQSh davlat kotibining yordamchisi Yuriy Kim ham mahalliy rasmiylar bilan muloqot qilmoqda.
Pauer Qo’shma Shtatlar Armaniston demokratiyasi, suvereniteti va hududiy daxlsizligini qo’llab-quvvatlash ahdida qati’iy ekanini aytdi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari 5-oktabr kuni Ispaniyaning Granada shahrida yuzma-yuz ko’rishishi kutilmoqda. Tomonlar tog’li qorabog’lik armanlar kelajagi haqida gaplashadi, hudud maqomi muhokama etilmaydi – o’tgan yili Pashinyan Pragada Ozarbayjonni 1991-yilgi chegaralari doirasida tan oluvchi hujjat imzolagan. Ya’ni Yerevan Tog’li Qorabog’ni Ozarbayjon hududi ekanini rasman e’tirof etgan.
Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ma’ruza qilib, qorabog’lik armanlarning Ozarbayjon tarkibida xavfsizligi ta’minlanishiga shubha bildirdi, ular qatliomga yuz tutishi mumkinligini taxmin qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotini hududga tinchlikparvar kuchlarni kiritishga chaqirdi.
Armaniston hisobiga ko’ra, Tog’li Qorabog’da 120 ming arman yashaydi. Pashinyan nazarida, ular Ozarbayjon tarkibida qolishni istamaydi, hududni tark etishga majbur bo’ladi.
Ozarbayjon besh kun oldin hududda harbiy amaliyot boshlashi ketidan minglab odam Tog’li Qorabog’ni tark etdi. Bugunga qadar salkam 5000 kishi Armaniston tomonga o’tgani ma’lum.
“Bizga zudlik bilan yo’lga chiqishni tayinlashdi, vaziyat xavfli ekanini aytishdi, hozircha qarindoshlarnikida turib turamiz”, - deydi ulardan biri.